O‘zbekistonda kichik GESlar qurilishi kengaytiriladi

O‘zbekistonda kichik va mikro gidroelektr stansiyalarini rivojlantirish bo‘yicha yangi tartiblar joriy etiladi. Bu haqda prezident qarorida belgilangan.
Raqamli platforma ishga tushiriladi
Qarorga ko‘ra, 2027-yil 1-fevralgacha kichik va mikro GES loyihalarini aniqlash, amalga oshirish, foydalanishga topshirish hamda ularning faoliyatini monitoring qilish uchun yagona raqamli platforma ishlab chiqiladi.
GESlarni loyihalash, qurish va ishlatishda atrof-muhit hamda ijtimoiy talablarga majburiy ravishda rioya qilinadi.
Elektr energiyasi tarifi auksion orqali belgilanadi
Quvvati 5 MVtgacha bo‘lgan kichik va mikro GESlarni qurish loyihalari uchun E-auksion platformasida elektron auksionlar o‘tkaziladi.
Unda elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha boshlang‘ich va eng past tariflar belgilanadi. Tariflar II guruh iste’molchilari uchun belgilangan narxlarga nisbatan quyidagicha bo‘ladi:
| GES quvvati | Boshlang‘ich narx | Eng past narx |
|---|---|---|
| 500 kVtgacha | 150 foiz | 50 foiz |
| 500 kVtdan 2 MVtgacha | 120 foiz | 40 foiz |
| 2 MVtdan 5 MVtgacha | 100 foiz | 30 foiz |
Yashil energetika uchun kadrlar tayyorlanadi
Shuningdek, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab kichik quvvatli yashil energetika, jumladan, kichik gidroenergetika sohasi uchun mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda oliy ta’lim tashkilotlarida dual ta’lim tizimi asosida yuqori malakali kadrlar tayyorlash nazarda tutilgan.
Avvalroq «Kursiv» nashri 2026-yilda O‘zbekistonda 13 ta GES ishga tushirilishi haqida yozgandi.