Transport vazirligi xalqaro tashuvlar uchun ruxsatnomalar tizimiga izoh berdi

Transport vazirligi xalqaro avtomobil tashuvlari uchun xorijiy davlatlarning ruxsatnomalarini taqsimlash tizimi yuzasidan bildirilgan e’tirozlarga munosabat bildirdi. Vazirlikka ko‘ra, taqchil ruxsatnomalar tashuvchilarning reytingi asosida avtomatik taqsimlanadi, Rossiya va Belarus bilan esa E-Permit tizimini 2026-yil oxirigacha joriy etish rejalashtirilgan.
Reyting mansabdor shaxs tomonidan belgilanmaydi
Xorijiy va ko‘p tomonlama ruxsatnomalarni taqsimlash Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 25-martdagi 114-son qarori asosida amalga oshiriladi. Tashuvchilar ruxsatnomalarni elektron tizim orqali bron qiladi va ularga ariza beradi. Taqchil ruxsatnomalardan foydalanish imkoniyati esa tashuvchining reyting ko‘rsatkichiga bog‘liq.
Transport vazirligining ta’kidlashicha, ushbu reyting mansabdor shaxs qarori bilan emas, axborot tizimidagi ma’lumotlar va belgilangan mezonlar asosida avtomatik shakllantiriladi. Shu sababli biror tashuvchining reytingini qo‘lda oshirish yoki kamaytirish, shuningdek, alohida murojaat asosida o‘zgartirish imkoniyati mavjud emas.
«Qora bozor» bo‘yicha aniq ma’lumotlar taqdim etilishi so‘raldi
Vazirlik ruxsatnomalarni sotish, boshqa tashuvchiga berish yoki ulardan belgilangan tartibga zid foydalanish taqiqlanganini bildirdi. Agar ruxsatnomalarning noqonuniy sotilishi yoki mansabdor shaxslarning bunday holatlarga aloqadorligini tasdiqlovchi aniq dalillar mavjud bo‘lsa, Transport vazirligi ularni belgilangan tartibda taqdim etishni so‘radi.
Har bir aniq holat alohida o‘rganilishi ma’lum qilindi. Ruxsatnomalarni elektron shaklga o‘tkazishdan asosiy maqsad ham inson omilini kamaytirish va noqonuniy muomalaga qarshi nazoratni kuchaytirish ekani qayd etildi.
O‘zbekiston yettita davlat bilan E-Permit tizimidan foydalanmoqda
Hozirda O‘zbekiston Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Turkiya va Ozarbayjon bilan elektron ruxsatnomalar almashmoqda.
Yaqinda Gruziya bilan ham E-Permit tizimi joriy etilgan. Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston jami yettita davlat bilan elektron ruxsatnomalar almashinuvini amalga oshirmoqda.
Rossiya va Belarus bilan ham elektron tizimga o‘tish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Ularni 2026-yil yakuniga qadar ishga tushirish rejalashtirilgan.
Vazirlik bu jarayon O‘zbekistonning bir tomonlama qaroriga bog‘liq emasligini ta’kidladi. E-Permit uchun ikki davlat vakolatli organlari o‘rtasida kelishuv, axborot tizimlarini integratsiya qilish va elektron ruxsatnomalarni o‘zaro tan olish talab etiladi.
Xitoy yo‘nalishidagi cheklov nimadan kelib chiqmoqda
Vazirlik Xitoy yo‘nalishida ayrim haydovchilarda elektron ruxsatnoma amalda ishlatilgan bo‘lsa-da, tizimda «foydalanilmagan» holatda qolayotgani yuzasidan ham izoh berdi. Amaldagi tartibga ko‘ra, haydovchi bojxona nazoratidan o‘tgach, tovar-transport hujjatlarini transport nazorati inspektoriga taqdim etishi kerak.
Shundan keyingina inspektor elektron ruxsatnomani tizimda «foydalanilgan» deb belgilaydi. Ayrim haydovchilar esa bojxona rasmiylashtiruvidan keyin zarur hujjatlarni inspektorga taqdim etmasdan chegara hududini tark qilmoqda. Natijada tizim oldingi ruxsatnomani hali ham amaldagi deb hisoblaydi va ayni transport vositasiga yangi ruxsatnoma berishni avtomatik ravishda cheklaydi.
Transport vazirligi bu mexanizm bitta transport vositasiga bir vaqtning o‘zida bir nechta amaldagi elektron ruxsatnoma berilishining oldini olish uchun joriy etilganini bildirdi.
Ruxsatnomalar haqidagi ma’lumotlar tizimda ko‘rinadi
Transport vazirligi xorijiy va ko‘p tomonlama ruxsatnomalarning kelib tushishi, tashuvchilarga ajratilishi va foydalanilishi bo‘yicha statistik ma’lumotlarni har chorakda e’lon qilib borishini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, tashuvchilar «E-Avtoruxsatnoma» tizimida tegishli davlat va ruxsatnoma turi bo‘yicha mavjud ruxsatnomalar hamda boshqa tashuvchilar tomonidan bron qilingan ruxsatnomalar sonini ko‘rishi mumkin.
Vazirlikning qayd etishicha, bron qilish va ariza topshirish jarayonining elektron shaklda olib borilishi ruxsatnomalarni taqsimlashda inson omilini kamaytirish va tizim shaffofligini oshirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Urganch – Xiva pullik yo‘li: qatnov narxi va yangi tartiblar ma’lum qilingani haqida xabar berilgandi.