Yangi Chevrolet Traverse qancha yuk torta olishi ochiqlandi

25-avgust 2026 11:06 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Yangi Chevrolet Traverse qancha yuk torta olishi ochiqlandi
Foto: GMAuthority

2027-yilgi Chevrolet Traverse’ning tirkama tortish imkoniyatlari ma’lum bo‘ldi. Bu haqda GMAuthority nashri xabar berdi.

Uch qatorli krossover tegishli jihozlar bilan 5 ming funt, ya’ni qariyb 2,27 tonnagacha og‘irlikdagi tirkamani torta oladi. Bu ko‘rsatkich avtomobilning komplektatsiyasi yoki uzatma turiga qarab o‘zgarmaydi.

Shu tariqa yangi Traverse kichik treylerlar, sayohat uchun mo‘ljallangan uy-tirkamalar va qayiq tirkamalarini tortish imkoniyatiga ega. Modelning maksimal ko‘rsatkichi 2026-yilgi versiyaga nisbatan o‘zgarmagan.

Barcha versiyalarda imkoniyat bir xil

LT, High Country va RS komplektatsiyalarining old g‘ildirakdan hamda to‘liq uzatmali variantlarida maksimal tortish quvvati 2 268 kg ni tashkil qiladi. Faqat AWD tizimi bilan taklif etiladigan Z71 versiyasi ham xuddi shunday natijaga ega.

Foto: GMAuthority

Chevrolet’ning rasmiy ma’lumotida Traverse uchun 5 ming funtlik tortish imkoniyati va tirkama bilan harakatlanishga mo‘ljallangan uskunalar ko‘rsatilgan. Ular orasida tirkama ilgagini kamera orqali ko‘rish va ulash jarayonini yengillashtiruvchi tizimlar mavjud.

328 ot kuchiga ega dvigatel o‘rnatiladi

2027-yilgi Traverse barcha versiyalarda 2,5 litrli to‘rt silindrli turbomotor bilan jihozlanadi. Dvigatel 328 ot kuchi va 442 Nm atrofida aylanish momentini ishlab chiqaradi hamda sakkiz pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi bilan ishlaydi.

Tirkama tortishga mo‘ljallangan standart jihozlar tarkibiga ilgak, kuchaytirilgan sovitish tizimi va 220 amperli generator ham kiradi.

Yangi avtomobilda dastlab tirkama tortish tavsiya etilmaydi

Ishlab chiqaruvchining ko‘rsatmalariga ko‘ra, yangi Traverse bilan dastlabki 500 mil, ya’ni qariyb 805 km davomida tirkama tortmaslik tavsiya qilinadi. Bu kuch agregatining yangi detallari moslashishi uchun zarur.

Foto: GMAuthority

Tirkama ulangan paytda haydovchiga oldindagi avtomobil bilan masofani oshirish, tik qiyaliklarda tezlikni pasaytirish hamda tirkama bilan ishlashga mos kelmaydigan ayrim elektron yordamchi tizimlarni o‘chirib qo‘yish tavsiya etiladi.

2027-yilgi Chevrolet Traverse uchinchi avlod modelining to‘rtinchi ishlab chiqarish yili hisoblanadi. Yangilanishlar orasida yangi kuzov ranglari, ayrim tashqi dizayn o‘zgarishlari va qo‘shimcha kamera funksiyalari bor.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet yangi nom bilan arzon elektromobil ishlab chiqarishi kutilayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek