Yangi tug‘ilgan chaqaloq uchun 55 ming dollar beriladi

Singapurda tug‘ilish darajasini oshirish maqsadida oilalarga har bir farzand uchun qariyb 70 ming Singapur dollari, ya’ni $55 mingdan ortiq mablag‘ ajratiladi. Bu haqda Financial Times xabar berdi.
Tug‘ilish keskin kamayib ketgan
Singapurda 2025-yilda tug‘ilish darajasi rekord darajada pasayib, bir ayolga 0,87 nafar farzandni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich faqat Janubiy Koreyada pastroq – 0,8 nafar. 2030-yilga borib mamlakat aholisining har to‘rtinchisi 65 yoshdan oshishi kutilmoqda.
Shu sababli Singapur hukumati farzandli bo‘lishni rag‘batlantirish uchun oilalarga moliyaviy yordamni kengaytirishga qaror qilgan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, yangi chora-tadbirlar doirasida har bir farzand uchun 17 yoshgacha turli ko‘rinishdagi to‘lovlar amalga oshiriladi.
Pul qanday ajratiladi
Xususan, bola tug‘ilganda oilaga 10 ming Singapur dollari miqdorida bir martalik to‘lov beriladi. Keyinchalik uning ta’limini qo‘llab-quvvatlash uchun yana 10 ming Singapur dollari ajratiladi. Boshqa yordamlar bilan birga har bir bola uchun ajratiladigan mablag‘ qariyb 70 ming Singapur dollariga yetadi.
Hukumat, shuningdek, bolalarni parvarish qilish uchun beriladigan nafaqalarni kengaytirishni va farzandli oilalarga birinchi uy-joyini sotib olishni osonlashtirishni rejalashtirmoqda. Bir nechta farzandi bor oilalar uchun qo‘shimcha imtiyozlar ham ko‘zda tutilgan.
Singapur tajribasida asosiy e’tibor bolani voyaga yetguniga qadar uzoq muddatli moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
O‘zbekistonda vaziyat qanday
O‘zbekistonda hozircha Singapurdagi kabi tug‘ilish inqirozi yo‘q. Biroq so‘nggi davrda tug‘ilish sonining pasayishi kuzatilmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonda 879 599 ta tirik tug‘ilish qayd etilgan.
2026-yilning yanvar – iyun oylarida esa 373,4 ming nafar bola tug‘ilgan. Bu 2025-yilning mos davridagiga nisbatan 32,1 ming nafarga kam.