
2026-yilgi «Oltin to‘p» sovrini uchun 30 nafar nomzoddan iborat qisqa ro‘yxat e’lon qilinishiga oz vaqt qolgan bir paytda, bosh sovrin uchun asosiy da’vogarlar atrofidagi bahslar qizg‘in tus oldi.
2025/26-yilgi mavsum va yozda Shimoliy Amerikada o‘tkazilgan Jahon chempionati futbolchilarning imkoniyatlariga katta ta’sir ko‘rsatdi. Nashr 2026-yilgi «Oltin to‘p» uchun asosiy besh favoritni sanab o‘tdi.
5-o‘rin — Lionel Messi
39 yoshli Lionel Messi yana bir bor «Oltin to‘p» uchun da’vogarlar qatoridan joy oldi. Argentinalik hujumchi Jahon chempionatida sakkizta gol urib, terma jamoasining finalgacha yetib borishida muhim rol o‘ynadi. Argentina finalda Ispaniyaga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa-da, Messi turnirning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etildi.

Nashrning qayd etishicha, agar Argentina ketma-ket ikkinchi bor jahon chempioniga aylanganida, Messi reytingda yanada yuqori o‘rinni egallashi mumkin edi.
4-o‘rin — Kilian Mbappe
Kilian Mbappe ham «Oltin to‘p» uchun asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rilmoqda. Fransiyalik futbolchi Jahon chempionatida 10 ta gol urib, turnir to‘purari bo‘ldi. Shu bilan birga, u Miroslav Kloze va Lionel Messini ortda qoldirib, Jahon chempionatlari tarixidagi eng sermahsul futbolchiga aylandi.

Mbappe klub miqyosida ham yuqori natija qayd etdi. U «Real Madrid» safida mavsum davomida 44 ta uchrashuvda 42 ta gol urdi. Madrid klubi sovrinlardan quruq qolganiga qaramay, futbolchining individual ko‘rsatkichlari uni favoritlar qatorida ushlab turibdi.
3-o‘rin — Lamin Yamal
19 yoshli Lamin Yamal esa ilk «Oltin to‘p»ini qo‘lga kiritish uchun jiddiy imkoniyatga ega. Ispaniyalik futbolchi Jahon chempionatidagi muvaffaqiyatli ishtirokini «Barselona»dagi samarali mavsum bilan to‘ldirdi.

Yamal klub safida 24 ta gol va 18 ta assist qayd etib, «Barselona»ning yana La Liga chempionligini qo‘lga kiritishiga hissa qo‘shdi. U shuningdek Jahon chempionati finalida maydonga tushgan hamda ularni yutgan eng yosh futbolchiga aylangan.
2-o‘rin — Harri Keyn
«Bavariya» hujumchisi Harri Keyn esa mavsum davomida o‘zining eng yuqori natijalaridan birini qayd etdi. Angliya terma jamoasi sardori barcha turnirlarda 51 ta uchrashuvda 61 ta gol urdi.

Keynning gollari «Bavariya»ga ichki chempionat va kubokni qo‘lga kiritishda yordam berdi. U mavsum yakunida Yevropa «Oltin butsa»siga ham ega chiqdi. Jahon chempionatida Angliya terma jamoasi uchinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Keyn turnirda olti marta raqiblar darvozasini ishg‘ol qildi.
1-o‘rin — Rodrigo Ernandes
Reytingda esa 2024-yilgi «Oltin to‘p» sohibi Rodrigo Ernandes birinchi o‘ringa qo‘yilgan. Ispaniya terma jamoasining markazida harakat qilgan Rodri Jahon chempionatida jamoasining asosiy tayanch futbolchilaridan biriga aylandi.

Uning o‘yinni boshqarishdagi roli va barqarorligi Ispaniyaning jahon chempionligini qo‘lga kiritishida muhim omillardan bo‘ldi. Rodri turnirning eng yaxshi futbolchisiga beriladigan «Oltin to‘p»ni ham qo‘lga kiritdi.
Shu sababli nashr Rodri 2026-yilgi «Oltin to‘p» uchun eng katta favorit ekanini ta’kidlamoqda. U sovrinni ikkinchi marta qo‘lga kiritib, tarixda buni amalga oshirgan futbolchilar qatoridan joy olishi mumkin.
Avvalroq Ispaniya terma jamoasi sardori va «Manchester Siti» yarim himoyachisiRodri 2026-yilgi jahon chempionatining eng yaxshi futbolchisi deb topilgandi.