Abduqodir Husanov qancha soliq to‘laydi

O‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanovning «Manchester Siti»dagi yangi shartnomasi va uning daromadi haqida ko‘pchilik juda yaxshi biladi, lekin uning Buyuk Britaniyada qancha soliq to‘lashi haqidagi savol har doim ochiq qolib keladi. Kursiv Uzbekistan uning taxminiy soliqlarini hisoblab chiqdi.
Husanovning maoshi qancha
Capology ma’lumotlariga ko‘ra, Husanovning «Manchester Siti»dagi bazaviy maoshi haftasiga 100 ming funt (136,3 ming dollar yoki 1,61 mlrd so‘m) atrofida. Bu yiliga 5,2 mln funt (7,09 mln dollar yoki 83,5 mlrd so‘m) degani. Ushbu summa bonuslarni hisobga olmaydi.

Daromad solig‘i qancha bo‘ladi
Buyuk Britaniyada 2026/27 soliq yiliga 12 570 funt (16,1 mln so‘m) gacha daromad qiladiganlardan undirilmaydi, ular bu majburiyatdan ozod qilinadi. 50 270 funtgacha bo‘lgan daromadga 20 foiz, 50 271–125 140 funt oralig‘idagi qismga 40 foiz, 125 140 funtdan yuqori daromadga esa 45 foiz soliq qo‘llanadi.
Husanovning hisoblangan yillik daromadi 5,2 mln funt (7,09 mln dollar yoki 83,5 mlrd so‘m) bo‘lgani uchun uning daromadining asosiy qismi eng yuqori – 45 foizlik stavkada soliqqa tortiladi.

Hisob-kitobga ko‘ra, daromad solig‘i yiliga taxminan 2,326 mln funt (3,17 mln dollar yoki 37,35 mlrd so‘m) ni tashkil qiladi.
National Insurance ham undiriladi
Futbolchining majburiy to‘lovlari faqat daromad solig‘i bilan cheklanmaydi. Angliyada xodimlardan National Insurance badali ham undiriladi.

2026/27 soliq yilida haftalik daromadning 242 – 967 funt oralig‘idagi qismiga 8 foiz, 967 funtdan yuqori qismiga esa 2 foiz stavka qo‘llanadi.
5,2 mln funtlik yillik daromad asosida Husanovning xodim sifatidagi National Insurance to‘lovi taxminan 107 ming funt (145,9 ming dollar yoki 1,72 mlrd so‘m) bo‘lishi mumkin.
Umumiy hisob qancha
Shunday qilib, Capology keltirgan 100 ming funt (136,3 ming dollar yoki 1,61 mlrd so‘m) haftalik maosh asosida hisoblaganda:
Yillik brutto daromad: 5,2 mln funt (7,09 mln dollar yoki 83,5 mlrd so‘m);
Daromad solig‘i: 2,326 mln funt (3,17 mln dollar yoki 37,35 mlrd so‘m);
National Insurance: 107 ming funt (145,9 ming dollar yoki 1,72 mlrd so‘m);
Jami: 2,433 mln funt (3,32 mln dollar yoki 39,07 mlrd so‘m).
Demak, agar Husanovning yillik bazaviy maoshi 5,2 mln funt (7,09 mln dollar yoki 83,5 mlrd so‘m) bo‘lsa, faqat maoshidan kelib chiqib hisoblaganda Buyuk Britaniyada yiliga qariyb 39,1 mlrd so‘m (3,32 mln dollar) miqdorida daromad solig‘i va National Insurance to‘lashi mumkin. Uning qo‘lida esa tahminan 44 mlrd so‘m pul qoladi.
Avvalroq Husanov yangi mavsumni yuqori ko‘rsatkich bilan boshlagani haqida xabar berilgandi.