Andijonda tadbirkorning hisobidan xato yechilgan 404 mln so‘m qaytarildi

eʼlon qilindi
Biznes-ombudsman aralashuvidan so‘ng pul egasiga qaytarildi
Moliyaviy hisobotlarni tuzish va taqdim etishning konseptual asoslari belgilandi
Foto: X

Andijon viloyatida tadbirkorlik subyektining bank hisobidan noqonuniy ravishda yechib olingan 404,2 mln so‘m qaytarildi. Bu haqda Biznes-ombudsman ma’lum qildi.

Mablag‘ boshqa korxona qarzi uchun yechilgan

O.B.T.X.U korxonasi o‘z hisob raqamidan katta miqdordagi mablag‘ olib qo‘yilgani yuzasidan Biznes-ombudsmanga murojaat qilgan.

Holat o‘rganilganda, Andijon viloyati soliq boshqarmasi boshqa korxonaning soliq qarzdorligini undirish maqsadida ushbu tadbirkorning hisob raqamidan 404,2 mln so‘m yechib olgani aniqlangan.

Biroq mablag‘ undirilishiga asos bo‘lgan debitorlik qarzi sud tomonidan tasdiqlanmagan va aksincha, rad etilgan.

Qonunchilikda nima deyilgan

Soliq kodeksining 121-1-moddasiga ko‘ra, debitorlik qarzi sud qarori bilan rad etilgan yoki uning asossizligi aniqlangan bo‘lsa, soliq qarzini undirishni shu mablag‘larga qaratish mumkin emas.

Bundan tashqari, tadbirkorlik va davlat organlari o‘rtasidagi nizolar hamda noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinishi kerak.

404,2 mln so‘m egasiga qaytarildi

Biznes-ombudsman o‘rganish yakunlari bo‘yicha soliq boshqarmasiga tegishli xulosa kiritgan. Shundan so‘ng aniqlangan xato va kamchiliklar bartaraf etilib, 404,2 mln so‘m tadbirkorning hisob raqamiga to‘liq qaytarilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan kichik biznes tekshiruvlariga uch yilga moratoriy e’lon qilingani haqida yozgandi.

Shuningdek