AQSh butun dunyo bo‘ylab viza suhbatlarini to‘xtatdi

eʼlon qilindi
Davlat departamenti 25-avgust kuni barcha konsullik xodimlari uchun global trening boshlanganini ma’lum qildi
Foto: Eluniverso.com

AQShning xorijdagi elchixona va konsulliklarida viza olish uchun suhbatlar o‘tkazilishi vaqtincha to‘xtatilmoqda. AQSh Davlat departamenti 25-avgust kuni barcha konsullik xodimlari uchun global trening boshlanganini ma’lum qildi. Shu sababli ayrim viza arizachilarining avvaldan belgilangan suhbat sanalari boshqa muddatga ko‘chirilmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Davlat departamenti vakilining so‘zlariga ko‘ra, trening dunyoning turli mamlakatlaridagi AQSh diplomatik vakolatxonalarini qamrab oladi. Biroq mashg‘ulotlar qancha vaqt davom etishi yoki suhbatlarning qachon odatdagi tartibda qayta boshlanishi hozircha ochiqlanmagan.

Yangi tartib, xususan, konsullik xodimlarining viza talabgorlarini yanada bir xil mezonlar asosida baholashiga qaratilgan. Trening davomida AQSh davlat dasturlari va nafaqalariga uzoq muddatda qaram bo‘lib qolish ehtimoli mavjud bo‘lgan arizachilarni aniqlash masalasiga ham e’tibor beriladi.

Immigratsiya siyosati Tramp administratsiyasining ikkinchi muddatidagi asosiy yo‘nalishlardan biriga aylangan. Prezident Donald Tramp noqonuniy migratsiyani qisqartirish, deportatsiyalarni kuchaytirish va mamlakatga kirish ustidan nazoratni qat’iylashtirish bo‘yicha bir qator choralarni ilgari surmoqda. Bu jarayonda ayrim vizalar va grin-kartalarning bekor qilinishi yoki arizalarning rad etilishi bilan bog‘liq holatlar ham kuzatilmoqda.

AQSh hukumatining migratsiya bo‘yicha siyosati sudlarda ham bir qator bahslarga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, o‘tgan hafta AQSh sudi Tramp ma’muriyatining 75 davlat fuqarolariga immigrantlik vizalari berilishini to‘xtatish haqidagi qarorini bekor qilgan. Sudya bunday cheklov AQSh davlat kotibi Marko Rubioning qonuniy vakolatlaridan tashqariga chiqqanini bildirgan.

Viza suhbatlarining ko‘chirilayotgani haqida avvalroq Financial Times ham yozgan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim AQSh elchixonalari va konsulliklarida immigrantlik vizasi bo‘yicha suhbatga yozilgan nomzodlarga uchrashuv sanasi o‘zgartirilgani haqida xabar yuborilgan. Ularga yangi sana keyinroq ma’lum qilinishi bildirilgan.

Tramp administratsiyasining immigratsiya bo‘yicha qat’iy choralariga inson huquqlari tashkilotlari ham qarshi chiqmoqda. Huquq himoyachilari ayrim cheklovlar kamsitishga olib kelishi, shuningdek, so‘z erkinligi va sud orqali himoyalanish huquqlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan xavotir bildirgan.

Tramp 2024-yilgi prezidentlik kampaniyasi vaqtida noqonuniy immigratsiyani keskin kamaytirishga va’da bergan edi. Biroq uning administratsiyasi tomonidan ko‘rilayotgan choralar qonuniy immigratsiya jarayonlariga ham ta’sir qilmoqda. Xususan, ayrim ishchi vizalari uchun talabgorlar zimmasiga yangi va katta miqdordagi to‘lovlar yuklangan.

Avvalroq Donald Tramp ma’muriyati xorijlik mutaxassislar uchun H-1B ish vizalarini olishda har bir nomzoddan qariyb $103 ming miqdorida yangi yig‘im undirishni taklif qilgandi.

Shuningdek