Armaniston sobiq prezidenti Robert Kocharyan ushlandi

eʼlon qilindi
Armaniston sobiq prezidenti Robert Kocharyan ushlandi
Foto: Reuters

Armanistonning sobiq prezidenti Robert Kocharyan va uning katta o‘g‘li Sedrak Kocharyan korrupsiyaga oid jinoyat ishi doirasida ushlandi. Bu haqda Euronews xabar bermoqda.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar Kocharyanlar oilasi biznesiga aloqador o‘nlab manzillarda tintuv o‘tkazgan.

Armaniston Bosh prokuraturasi 71 yoshli sobiq davlat rahbariga nisbatan jinoiy ta’qib boshlanganini ma’lum qildi. U mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish, pora olish va juda katta miqdordagi pullarni legallashtirishda gumon qilinmoqda.

Ish bo‘yicha o‘n kishi gumon qilinmoqda

Armaniston Korrupsiyaga qarshi kurash qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, Kocharyan va uning o‘g‘lidan tashqari yana to‘rt kishi ushlangan. Tergov doirasida jami o‘n kishi gumon qilinmoqda.

Tergov versiyasiga ko‘ra, Kocharyan 1998–2008-yillarda Armaniston prezidenti bo‘lgan davrda ayrim davlat aktivlari xususiy kompaniyalarga bozor qiymatidan past narxlarda noqonuniy sotilgan bo‘lishi mumkin.

Sobiq prezident ushlanganidan keyin uning sog‘lig‘i yomonlashgani va shifoxonaga olib ketilgani ma’lum qilindi. Kocharyan idorasi rahbari Bagrat Mikoyan voqeani sobiq prezident va uning oilasiga qarshi navbatdagi bosim sifatida baholagan.

Serj Sargsyan ham tergovga jalb qilindi

Mazkur ishda Armanistonning yana bir sobiq prezidenti Serj Sargsyan ham figurant sifatida qayd etilgan. U 2007–2008-yillarda Kocharyan prezidentligi davrida bosh vazir bo‘lgan, keyinchalik esa 2008–2018-yillarda mamlakat prezidenti lavozimini egallagan.

Sargsyan mansab yoki xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilishda gumon qilinmoqda. U 25-avgust kuni Yerevandagi Korrupsiyaga qarshi kurash qo‘mitasi bosh qarorgohiga chaqirilgan.

Tintuvlardan avval parlamentda keskin bahs bo‘lgan

Kocharyanlar oilasiga aloqador obyektlarda tintuvlar bosh vazir Nikol Pashinyan va sobiq prezidentning kichik o‘g‘li Levon Kocharyan o‘rtasidagi parlamentdagi keskin bahsdan bir sutka ham o‘tmay boshlangan.

Levon Kocharyan Pashinyanni sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga bosim o‘tkazib, ayrim shaxslarga qarshi jinoyat ishlari ochilishiga ta’sir ko‘rsatishda ayblagan.

Pashinyan bunga javoban Kocharyanlar oilasi boyligining kelib chiqishi haqidagi masalani ko‘targan. Uning aytishicha, davlat mablag‘lari hisobidan orttirilgan aktivlar davlatga qaytarilishi kerak.

Avvalroq «Kursiv» Armanistonda yirik vino muzeyi tashkil etilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek