Bibisora Asaubayeva sovrin jamg‘armasi 40 ming turnirda g‘olib bo‘ldi

Qozog‘istonlik grossmeyster Bibisora Asaubayeva WR Women’s Chess Tour 2026 musobaqasining Yevropa bosqichida rapid yo‘nalishida bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Bu haqda World Chess xabar berdi.
Turnir Fransiyaning Sen-Tropez shahrida tashkil etildi. Hal qiluvchi bahsda Asaubayeva ukrainalik shaxmatchi Mariya Muzichukka qarshi doskaga o‘tirdi. Ikki partiyadan iborat finalda qozog‘istonlik sportchi raqibasini 2:0 hisobida mag‘lub etdi.
Asaubayeva turnirdagi g‘alabasidan keyin ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida musobaqadagi chiqishi haqida fikr bildirdi. Uning aytishicha, rapid bahslarida ketma-ket uchta kuchli raqibni mag‘lub etgan.
«Bugungi ish kunim yakunlandi. WR Chess Tour’ning rapid qismida g‘olib bo‘ldim. Birinchi o‘yinda Pyotsni, ikkinchisida Batsyashvilini, uchinchisida esa Mariya Muzichukni mag‘lub etdim. Ertaga blits. Biroz charchadim, ammo o‘zimdan mamnunman. Yana bir gap — olti soat poshnada yurdim», — dedi shaxmatchi.
Shu tariqa Asaubayeva Yevropa bosqichining rapid turnirida chempionlikni rasmiylashtirdi. Biroq qozog‘istonlik sportchining musobaqadagi ishtiroki hali yakunlangani yo‘q. U endi blits yo‘nalishida ham g‘oliblik uchun kurash olib boradi.
WR Women’s Chess Tour 2026 doirasidagi musobaqaning umumiy sovrin jamg‘armasi 40 ming dollarni tashkil etadi. Turnir dasturidan rapid va blits bahslari o‘rin olgan.
WR Women’s Chess Tour ayol shaxmatchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan xalqaro musobaqalar seriyasi bo‘lib, uning bosqichlari turli hududlarda tashkil etiladi. Seriya yakunida eng kuchli ishtirokchilar final bosqichida to‘planadi.
Avvalroq Bibisara Asubayeva yangi Total Chess World Championship Tour turnirida dunyoning eng kuchli shaxmatchilari, jumladan, FIDE reytingi yetakchisi Magnus Karlsen bilan birga ishtirok etishi haqida xabar berilgandi.