«Niu Lai»: yomon animatsiyasi bilan kulgi bo‘lgan multfilm 1,7 mln dollarlik xitga aylandi

eʼlon qilindi
Film avvaliga deyarli tomoshabin yig‘magan
Yomon animatsiyasi bilan kulgi bo‘lgan multfilm 1,7 mln dollarlik xitga aylandi
Foto: BBC

Xitoyda juda past sifatli animatsiyasi va tushunarsiz syujeti sabab ijtimoiy tarmoqlarda masxara qilingan «Niu Lai» animatsion filmi kutilmaganda kassabop xitga aylandi. BBCga ko‘ra, dastlabki o‘n kun ichida atigi $1,1 mln yig‘gan filmning umumiy daromadi keyinchalik $1,7 mlndan oshdi.

Film avvaliga deyarli tomoshabin yig‘magan

«Niu Lai» – tushlar olamidagi sigir haqida hikoya qiluvchi kam budjetli animatsion film. U oyning boshida deyarli reklamasiz namoyishga chiqqan.

Film dastlabki o‘n kun davomida atigi $1,1 ming daromad qilgan. Biroq uning sifatsiz grafika va chalkash voqealar rivoji aks etgan lavhalari ijtimoiy tarmoqlarda tez tarqalib, filmga bo‘lgan qiziqishni keskin oshirdi.

Mao Yan kino kuzatuv platformasi ma’lumotiga ko‘ra, «Niu Lai»ning kassa tushumi keyinchalik $1,7 mlndan oshdi. Natijada film Xitoy kinoteatrlarida «The Odyssey» va «Spider-Man: Brand New Day» kabi yirik Gollivud filmlari bilan bir qatorda tomoshabin jalb qila boshladi.

«Ko‘rmasangiz, umr bo‘yi afsuslanasiz»

«Niu Lai»ning ommalashishiga ijtimoiy tarmoqlardagi hazil va memlar katta ta’sir ko‘rsatdi.

Mashhur postlardan birida film haqida: «Ko‘rsangiz, 80 daqiqa afsuslanishingiz mumkin, ko‘rmasangiz esa bir umr afsuslanasiz», degan hazilomuz fikr bildirilgan.

Ayrim foydalanuvchilar filmning sifatsiz animatsiyasini aksincha uning ustunligi sifatida ko‘rsatmoqda. Ularning fikricha, grafikaning qo‘lda ishlangandek ko‘rinishi film yaratuvchilari sun’iy intellektdan foydalanmaganining «isboti».

Weibo foydalanuvchilari uni «sof qo‘l mehnati» va yozgi kino mavsumining eng katta «qora oti» deb ham atamoqda.

Film nomi fond bozori bilan ham bog‘landi

«Niu Lai» atrofidagi yana bir hazil Xitoy fond bozori bilan bog‘liq. Xitoy tilida «buqa» va «sigir» bir xil ieroglif orqali ifodalanadi. Shu sababli ayrim investorlar film nomini bozordagi «bullish», ya’ni o‘suvchi kayfiyat bilan bog‘lamoqda.

«Ertaga indeks 4 000 punktga yetsa, kinoga borib ushbu filmni qo‘llab-quvvatlayman», – deb yozgan Weibo foydalanuvchilaridan biri. Yana bir izohda esa: «Film juda yomon, lekin nomi juda yaxshi», deyiladi.

Kinoteatrlar qo‘shimcha seanslar qo‘shdi

Filmga talab oshgani sabab Xitoydagi ayrim kinoteatrlar «Niu Lai» uchun qo‘shimcha seanslar tashkil eta boshladi.

Filmning hatto to‘liq ishlab chiqilgan reklama posteri ham bo‘lmagani sabab ayrim kinoteatr xodimlari tomoshabinlarni jalb qilish uchun afishalarni o‘zlari chizishga majbur bo‘lgan.

Film bozorini kuzatuvchi Weibo sahifalaridan biri bunday holatni «misli ko‘rilmagan rekord» deb atagan.

Muvaffaqiyat hammani ham xursand qilmadi

Foto: BBC

«Niu Lai»ning kutilmagan mashhurligi tanqidlarga ham sabab bo‘ldi.

Davlatga qarashli Beijing News nashri kinoteatrlar filmga qo‘shimcha seanslar ajratishda davom etsa, tomoshabinlar ishonchini yo‘qotishi mumkinligini yozdi.

Nashr fikricha, «Niu Lai» sifatsiz filmlar uchun tomoshabinlarning talab darajasini yanada pasaytirmoqda.

Shunga qaramay, aynan sifatsizligi, memlarga aylangan lavhalari va noodatiy internet mashhurligi «Niu Lai»ni Xitoy kino bozorining eng kutilmagan muvaffaqiyatlaridan biriga aylantirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «O‘rgimchak odam: Yangi kun» uch haftada $2 milliardlik marrani zabt etgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek