O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotida AKT xizmatlari ulushi 2,9 foizga yetdi

2026-yilning yanvar–iyun oylarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) xizmatlarining O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 2,9 foizni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Mazkur ko‘rsatkich so‘nggi yillarda izchil o‘sib bormoqda. 2024-yilning birinchi yarmida AKT xizmatlarining YaIMdagi ulushi 2,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilning shu davrida 2,8 foizga yetgan. 2026-yil yanvar–iyun oylarida esa ko‘rsatkich yana 0,1 foiz bandga oshdi.
AKT xizmatlarida 30,3 trln so‘mlik qiymat yaratildi
Hisobot davrida AKT xizmatlari sohasida yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymat hajmi 30,3 trln so‘mni tashkil etdi.
Uning eng katta qismi kompyuter dasturlashtirish, maslahat berish va boshqa yordamchi xizmatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ushbu yo‘nalish AKT xizmatlarida yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymatning 53,6 foizini shakllantirgan.
Aloqa xizmatlarining ulushi 28,9 foizni, ma’lumotlarni joylashtirish va qayta ishlash xizmatlari hamda veb-portallar hissasi esa 10,5 foizni tashkil etdi.
Dasturiy ta’minot ulushi 4,4 foizni tashkil etdi
AKT sohasida yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymat tarkibida dasturiy ta’minotning ulushi 4,4 foizga teng bo‘ldi.
Kompyuterlar va aloqa uskunalarini ta’mirlash xizmatlari esa umumiy ko‘rsatkichning 2,6 foizini shakllantirdi.
Avvalroq «Kursiv» o‘zbekistonliklarda qancha mashina borligi haqida yozgan edi.