O‘zbekistonda 1,7 mlrd dollarlik yangi energetika obyektlari ishga tushirildi

eʼlon qilindi
Ayrim obyektlar o‘z yo‘nalishi bo‘yicha Markaziy Osiyodagi eng yirik energetika loyihalari qatoriga kirishi qayd etilgan
O‘zbekistonda 1,7 mlrd dollarlik yangi energetika obyektlari ishga tushirildi
Foto: Pexels

O‘zbekistonda Mustaqillikning 35 yilligi arafasida umumiy quvvati 2 423 MVt bo‘lgan yangi energetika obyektlari ishga tushirildi. Yangi loyihalarning umumiy qiymati $1,7 mlrdni tashkil etdi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi.

Jami quvvatning 1 573 MVti issiqlik elektr stansiyasiga, 300 MVti quyosh, 200 MVti shamol elektr stansiyasiga, yana 350 MVti energiyani saqlash tizimlariga to‘g‘ri keladi.

Ayrim obyektlar o‘z yo‘nalishi bo‘yicha Markaziy Osiyodagi eng yirik energetika loyihalari qatoriga kirishi qayd etildi.

Sirdaryoda 1 573 MVt quvvatli issiqlik elektr stansiyasi ishga tushdi

Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida 1 573 MVt quvvatga ega issiqlik elektr stansiyasi foydalanishga topshirildi.

Stansiya yiliga 13 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi kutilmoqda. Uning foydali ish koeffitsiyenti 61,7 foizni tashkil etadi. Shu hisobdan yiliga 1,1 mlrd kub metr tabiiy gazni tejash rejalashtirilgan.

Qiymati $900 mln bo‘lgan loyiha to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar hisobidan amalga oshirildi. Unda Fransiyaning EDF, Qatarning Nebras Power, Yaponiyaning Sojitz Corporation va Kyuden International kompaniyalari konsorsium sifatida qatnashdi.

Stansiya qurilishi davomida 3 mingta ish o‘rni yaratilgan. Obyekt ishga tushirilgach esa 120 ta doimiy ish o‘rni tashkil etildi.

Navoiyda quyosh elektr stansiyasi va energiya saqlash tizimi ishga tushirildi

Navoiy viloyatining Nurota tumanida 300 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi va 150 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi foydalanishga topshirildi.

Loyihaning umumiy qiymati $390 mln bo‘lib, u Xitoyning China Energy Overseas Investment kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Stansiya to‘liq quvvatda ishlaganda yiliga 657 mln kVt·soat «yashil» elektr energiyasi ishlab chiqarishi kutilmoqda. Bu 273 mingta xonadonning bir yillik elektr iste’moliga teng ekani qayd etildi.

Shuningdek, loyiha hisobidan yiliga 175 mln kub metr tabiiy gaz tejalishi va atmosferaga 377 ming tonna zararli modda chiqarilishining oldi olinishi ko‘zda tutilgan.

Obyekt ishga tushirilgach, 30 ta doimiy ish o‘rni yaratildi.

Qoraqalpog‘istonda 200 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasi ishga tushdi

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak tumanida 200 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasi va 100 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi foydalanishga topshirildi.

Qiymati $263 mln bo‘lgan loyiha Saudiya Arabistonining ACWA kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Stansiya yiliga 701 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi mumkin. Bu 292 mingta xonadonning bir yillik iste’moliga teng.

Loyiha hisobidan yiliga 187 mln kub metr tabiiy gaz tejalishi va atmosferaga 403 ming tonna zararli modda chiqarilishining oldi olinishi kutilmoqda.

Mazkur obyekt ishga tushirilishi natijasida 25 ta doimiy ish o‘rni yaratildi.

Namanganda 100 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi ishga tushirildi

Namangan viloyatining Uychi tumanida 100 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi foydalanishga topshirildi.

Qiymati $110 mln bo‘lgan loyiha Xitoyning China Energy Overseas Investment Co., Ltd kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi.

Tizim elektr energiyasini bir sutkada ikki mahal, har safar ikki soatdan 100 MVt quvvatda zaxiralash imkonini beradi. Uning sig‘imi 200 MVt/soatni tashkil qiladi.

Saqlangan elektr energiyasi tarmoqdagi yuklama yuqori bo‘lgan davrlarda tizim barqarorligini ta’minlash uchun ishlatiladi. Loyiha ishga tushgach, 30 ta doimiy ish o‘rni yaratildi.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 2026-yilda $180 mlrddan oshishi kutilayotgani haqida yozgan edi.

Shuningdek