Qatar o‘zbekistonliklarni 10 yo‘nalish bo‘yicha ishga taklif qilmoqda

Migratsiya agentligi fuqarolarni Qatar davlatidagi Ulta Beauty do‘konlarida ishlash uchun tanlovda qatnashishga taklif qildi. Bu haqda agentlik Telegram kanalida ma’lum qilindi.
Vakansiyalar savdo, kosmetika, mijozlarga xizmat ko‘rsatish va do‘kon boshqaruvi yo‘nalishlarini qamrab oladi. Taklif etilayotgan oylik maoshlar lavozimga qarab $1,45 mingdan $5,5 minggacha yetadi.
Arizalar 29-avgustga qadar qabul qilinadi. Tanlovda talablarni qanoatlantirgan erkak va ayollar ishtirok etishi mumkin.
Eng yuqori maosh $5,5 mingni tashkil etadi
Eng yuqori ish haqi do‘kon bosh menejeri lavozimi uchun taklif qilinmoqda — oyiga $5,5 ming. Do‘kon menejeri o‘rinbosari oyiga $4 ming, mijozlarga xizmat ko‘rsatish menejeri $3,85 ming, bo‘lim menejeri esa $3,05 ming maosh olishi mumkin.
Brend bo‘yicha trening mutaxassisiga $2,75 ming, vizajistga $2,3 ming, teri parvarishi bo‘yicha mutaxassisga $2,2 ming va kosmetika bo‘yicha maslahatchiga $1,9 ming oylik taklif etilmoqda.
Shuningdek, savdo vizualizatsiyasi bo‘yicha mutaxassis uchun $1,5 ming, manikyur va pedikyur bo‘yicha mutaxassis uchun esa $1,45 ming miqdorida maosh belgilangan.
Ish beruvchi qanday xarajatlarni qoplaydi
Migratsiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, ish beruvchi tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan xodimlarning O‘zbekiston–Qatar yo‘nalishidagi aviachiptasi, ishchi vizasi, aeroportdan transferi va tibbiy sug‘urtasini qoplaydi.
Bundan tashqari, xodimlarning vatanga borib-kelishi uchun aviachipta xarajatlari ham ish beruvchi tomonidan qoplanadi.
Shu bilan birga, Qatarda yashash davridagi turar joy, oziq-ovqat va ish joyiga qatnov transporti xarajatlarini xodimning o‘zi to‘lashi kerak bo‘ladi.
Nomzodlarga qanday talablar qo‘yilgan
Vakansiyalarga ariza topshiruvchilar kamida o‘rta ma’lumotga ega bo‘lishi, ingliz tilida erkin muloqot qila olishi va 20 yoshdan katta bo‘lishi kerak.
Shuningdek, nomzoddan tanlangan yo‘nalish bo‘yicha kamida ikki yillik ish tajribasi talab qilinadi. Tanlovda erkaklar ham, ayollar ham ishtirok etishi mumkin.
Qatardagi Ulta Beauty do‘konlarida ishlash istagidagi fuqarolar xorijdaish.uz platformasi orqali ariza topshirishi mumkin. Arizalarni qabul qilishning so‘nggi kuni — 29-avgust.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri xorijda ishlayotgan o‘zbekistonliklarga $570 ming undirib berilgani haqida yozgan edi.