Shifoxonadagi yong‘inda 14 chaqaloq halok bo‘ldi

Pokiston poytaxti Islomoboddagi yirik davlat shifoxonasining tug‘uruq bo‘limida yong‘in chiqishi oqibatida kamida 14 nafar yangi tug‘ilgan chaqaloq halok bo‘ldi. Voqea 26-avgust kuni tongda yuz bergan. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Yong‘in chaqaloqlar yotgan xonadan chiqqan
Yong‘in Pokiston Tibbiyot fanlari instituti (PIMS) tarkibidagi ona va bola salomatligini muhofaza qilish bo‘limining uchinchi qavatida sodir bo‘lgan. Qutqaruv xizmatlari ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in mahalliy vaqt bilan soat 06:45 atrofida boshlangan.
Dastlabki taxminlarga ko‘ra, chaqaloqlar yotgan palatada konditsioner kompressori portlashi yong‘inga sabab bo‘lgan. Yong‘in qisqa vaqt ichida bo‘limni qamrab olgan.
Hukumat faqat 1 chaqaloqni qutqarib qoldi
Islomobod bosh komissari Sohail Ashraf qutqaruv guruhlari, mutaxassislar va politsiya xodimlari voqea joyiga zudlik bilan yetib kelganini ma’lum qildi. Ularning sa’y-harakatlari natijasida yong‘in nazoratga olingan. Kamida bir nafar chaqaloq qutqarilgani xabar qilingan.
Halok bo‘lgan chaqaloqlarning jasadlari kuchli kuygan. Shu sababli politsiya ularning shaxsini aniqlash uchun DNK ekspertizasi o‘tkazilishini bildirgan. Shundan keyingina jasadlar marhumlarning oilalariga topshiriladi. Ayrim ota-onalar esa farzandlarining jasadini imkon qadar tezroq berishni talab qilgan.
Shahboz Sharif ham hodisaga munosabat bildirdi
Pokiston bosh vaziri Shahbaz Sharif fojiadan chuqur qayg‘uda ekanini bildirib, hodisani zudlik bilan tekshirishga topshiriq berdi. Uning devonxonasi bayonotida bolalarning bunday sharoitda halok bo‘lishi o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan yo‘qotish ekani qayd etilgan.
Pokistonda yirik binolardagi yong‘inlar tez-tez uchrab turadi. Bunga ko‘pincha yong‘in xavfsizligi va qurilish me’yorlaridagi kamchiliklar, shuningdek, amaldagi qoidalarning yetarlicha nazorat qilinmasligi sabab bo‘ladi.
Hozirda yong‘inning aniq sabablari va shifoxonadagi xavfsizlik choralariga rioya qilingan-qilinmagani bo‘yicha tergov olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Omskdagi yong‘inda ikki o‘zbekistonlik jabrlangani aytilgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlangan o‘zbekistonliklar qurilish maydonida pudrat shartnomasi asosida ishlagan. Ularning ayni paytdagi sog‘lig‘i haqida alohida ma’lumot berilmagan.