Telegram 13 yilligi munosabati bilan katta yangilanish e’lon qildi

Telegram 13 yilligi sharafiga Android va iOS uchun navbatdagi yangilanishni chiqardi. 12.10 versiyada yangi a’zolar uchun shaxsiy salomlashuv xabarlari, xabarlar ichidagi interaktiv tugmalar, ichki fayllar hamda marketpleysdagi hadyalarni imzolash kabi imkoniyatlar paydo bo‘ldi.
Yangi a’zolarni alohida kutib olish mumkin
Endi guruh va kanallarda yangi qo‘shilgan foydalanuvchilarga maxsus salomlashuv xabarlarini yuborish mumkin. Muhimi, bunday xabarni faqat yangi a’zo ko‘radi va u umumiy chatni ortiqcha xabarlar bilan to‘ldirmaydi.
Salomlashuv to‘plamiga bir nechta xabar, media fayllar hamda boy formatlangan matnlarni qo‘shish mumkin. Funksiyani yoqish uchun guruh yoki kanal profilidagi Tahrirlash → Salomlashuv xabari bo‘limidan foydalaniladi. Buning uchun alohida bot kerak emas.
Xabarlar endi interaktiv bo‘ladi
Telegram botlar uchun ham yangi imkoniyat yaratdi. Endi dasturchilar bitta xabarning o‘zida bir nechta tugmadan foydalanishi mumkin.
Bu orqali so‘rovnoma, o‘yin, mahsulot tanlash yoki buyurtma berish kabi jarayonlarni bevosita xabar ichida tashkil etish mumkin. Tugmali xabarlarni guruh va kanallarda ham joylashtirishga ruxsat berilgan.
Masalan, bir xabarning o‘zida foydalanuvchiga turli variantlarni tanlash, xizmatdan foydalanish yoki interaktiv o‘yinni boshlash imkoniyati beriladi.
Xabarga fayl va musiqa joylashtirish mumkin
Telegram’ning boy matn muharriri ham kengaytirildi. Endi foydalanuvchilar matnning kerakli qismiga hujjat, fayl yoki musiqa biriktira oladi.
Bu imkoniyat, ayniqsa, katta hajmdagi ma’lumotlarni bitta tartibli va interaktiv xabarda taqdim etish uchun qulay.
Eski versiyalardan foydalanayotganlar ham unutilmadi
Yangi formatlarni qo‘llab-quvvatlamaydigan eski Telegram versiyalarida maxsus o‘rinbosar oynasi paydo bo‘ladi. Unda foydalanuvchiga ilovani yangilash uchun tugma ko‘rsatiladi.
Shu tariqa yangi funksiyalardan foydalanish uchun Telegram’ning so‘nggi versiyasiga o‘tish talab etiladi.
Hadyalarga shaxsiy imzo qo‘shish mumkin
Telegram’dagi hadyalar marketpleysida ham yangilik bor. Endi Telegram Yulduzlari orqali sotib olingan ayrim noyob kolleksion hadyalarga foydalanuvchi o‘z imzosi va fikrini qo‘shishi mumkin.
Bunday hadyani yuborish uchun kerakli foydalanuvchi profilidan «Hadya yuborish» bo‘limiga kirib, «Kolleksion hadyalar» filtridan foydalanish mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Telegram bir kunda 100 mingdan ortiq kanal va guruhni bloklagani haqida yozgandi.