Yangi Google Pixel 11 va Pixel 11 Pro smartfonlarida muammo yuzaga keldi

Google Pixel 11 seriyasi sotuvga chiqqanidan atigi besh kun o‘tib, ayrim foydalanuvchilar smartfonlarning o‘z-o‘zidan o‘chib qolayotgani haqida shikoyat qila boshladi. Ba’zi qurilmalarda muammo dastlabki sozlash jarayonidayoq kuzatilmoqda.
Pixel 11 Pro sozlash vaqtida o‘chib qolgan
Android Authority ma’lumotiga ko‘ra, Google Pixel 11 Pro bilan bog‘liq holatlardan birida smartfon avval normal ishlagan. Biroq qurilma zavod sozlamalariga qaytarilib, ma’lumotlarni ko‘chirmasdan yangidan sozlash boshlanganidan so‘ng u deyarli uzluksiz o‘chib qolgan.
Har safar qayta yoqilganda foydalanuvchi sozlashning bir necha bosqichigacha yetib borgan. Wi-Fi tarmog‘iga ulanish yoki Google akkauntiga kirish paytida esa qurilma o‘chishi haqida xabar chiqib, smartfon yana o‘chib qolgan.
Akkumulyatorda muammo aniqlanmagan
Qurilma batareyasi tekshirilganda nosozlik topilmagan. Xavfsiz rejim ham muammoni hal qilmagan. Sinovlardan birida smartfon xona harorati qariyb 18 daraja bo‘lishiga qaramay, qizib ketish haqida ogohlantirish ko‘rsatgan.
Bu muammo harorat sensori, quvvat ta’minoti tizimi yoki dasturiy ta’minot bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Shunga o‘xshash shikoyatlar ko‘paymoqda
Reddit va Google’ning rasmiy qo‘llab-quvvatlash forumlarida ham Pixel 11 seriyasidagi tasodifiy o‘chishlar, qizib ketish va dastlabki sozlashdagi nosozliklar haqida xabarlar paydo bo‘lgan.
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Google ayrim xaridorlarga nosoz smartfonlarni almashtirib berishni taklif qilmoqda. Hozircha kompaniya muammoning aniq sababi bo‘yicha rasmiy izoh bermagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Google yangi Pixel 11 qurilmalarining aksariyati Tensor G6 chipi bilan jihozlangani, ayrim modellar esa korpusining orqa qismidagi HiLight indikatori bilan ajralib turishi haqida xabar berilgandi.