Abduqodir Husanovning boyligi qancha — tahlil

27-avgust 2026 08:47 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Abduqodir Husanovning boyligi qancha — tahlil
Foto: The Sun

O‘zbekiston milliy terma jamoasi va «Manchester Siti» himoyachisi Abduqodir Husanovning daromadi klubdagi maosh bilan cheklanmaydi: reklama va homiylik shartnomalari, shaxsiy biznes ham uning yillik tushumiga sezilarli hissa qo‘shadi. «Kursiv» ma’lumotlarni bitta maqolaga jamladi.

2026-yil iyunida Forbes Sport Husanovni Jahon chempionatida qatnashgan 48 terma jamoaning eng ko‘p daromad topuvchi futbolchilari reytingiga kiritdi. O‘sha paytdagi hisob-kitobda uning yillik umumiy daromadi $6,2 mln deb baholangan. Shundan qariyb $5 mln futbol faoliyatidan, yana $1,2 mln maydon tashqarisidagi tijoriy faoliyatdan kelishi qayd etilgan.

Biroq bu raqamlar Husanov «Manchester Siti» bilan yangi shartnoma imzolashidan oldingi davrga tegishli. 2026-yil iyulidan uning klubdagi moliyaviy shartlari yaxshilangani sababli futbolchining hozirgi yillik daromadi Forbes’ning iyundagi bahosidan yuqori bo‘lishi mumkin.

«Manchester Siti» Husanovga qancha maosh to‘laydi

2026-yil 25-iyul kuni «Manchester Siti» rasmiy ravishda Abduqodir Husanov bilan yangi besh yillik shartnoma imzolanganini e’lon qildi. Kelishuv futbolchini 2031-yil yozigacha klubda olib qoladi. Avvalgi shartnoma 2029-yilgacha amal qilishi kerak edi.

Klub kelishuvning moliyaviy tafsilotlarini ochiqlamagan. Futbolchilarning maoshlari haqidagi ma’lumotlarni jamlovchi Capology bazasi esa Husanovning 2026/27-yilgi kafolatlangan yalpi maoshini haftasiga £100 ming, yiliga esa $7 mln deb baholamoqda. Bu summaga individual va jamoaviy natijalar uchun berilishi mumkin bo‘lgan bonuslar kiritilmagan.

Shunday qilib, faqat asosiy maoshning o‘zi hisobga olinsa, Husanov oyiga o‘rtacha $588 mingdan ortiq daromad oladi. Barcha ko‘rsatkichlar soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlardan oldingi summalardir.

Muhim jihati shundaki, Capology bu raqamlar rasmiy klub ma’lumoti emas, balki baholash ekanini ta’kidlaydi. Shuning uchun Husanovning bank hisobiga amalda qancha pul tushishi ochiq manbalardan ma’lum emas.

Reklama va homiylikdan yana $1,2 mln

Husanovning daromadida reklama bozori ham katta o‘rin tutadi. Forbes’ning 2026-yilgi bahosiga ko‘ra, futbolchi reklama shartnomalari, shaxsiy homiylar, litsenziyalash va biznes loyihalaridan yiliga taxminan $1,2 mln ishlab topgan.

Uning eng muhim tijoriy hamkorlaridan biri — sport kiyimlari ishlab chiqaruvchi Puma. Husanov kompaniya bilan hamkorlikni hali Fransiyaning «Lans» klubida o‘ynab yurgan davrida boshlagan. 2024-yilda futbolchining Puma bilan shartnoma tuzgani haqida xabarlar chiqqan, keyinchalik Forbes ham kompaniyani uning asosiy homiylari qatorida qayd etdi.

Husanovning tijoriy portfelida faqat reklama shartnomalari emas, o‘z biznesi ham bor. Forbes Sport ma’lumotiga ko‘ra, futbolchi 2025-yil mayida AK45 nomli shaxsiy energetik ichimliklar brendini yo‘lga qo‘ygan. Brend nomidagi «45» raqami uning «Manchester Siti»dagi dastlabki o‘yin raqami bilan bog‘liq.

Ijtimoiy tarmoqlardagi mashhurlik ham Husanovning reklama qiymatini oshirmoqda. HypeAuditor algoritmi uning Instagram orqali olinishi mumkin bo‘lgan daromadini 2026-yil mayida oyiga $10,1–13,9 ming atrofida baholagan. Biroq bu real shartnomalar bo‘yicha oshkor qilingan tushum emas, balki auditoriya va faollikka asoslangan matematik bahodir. Shu sababli uni Forbes ko‘rsatgan $1,2 mln ustiga alohida qo‘shib hisoblash to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Husanovga $300 mingdan qimmat «Gelik» sovg‘a qilingan

Katta daromad bilan birga Husanov faoliyati davomida qimmatbaho sovg‘alar ham olgan. Eng mashhuri — Mercedes-Benz G-Class.

2025-yil martida futbolchi O‘zbekiston terma jamoasi yig‘iniga kelganida futbol mutaxassisi Ulug‘bek Asanbayev unga G-Class avtomobilini sovg‘a qilgan. Vetnamning VnExpress nashri mashina qiymatini qariyb $330 ming deb baholagan. Al Jazeera esa avtomobil narxini 350 ming yevro deb ko‘rsatgan.

Narx bo‘yicha xorijiy nashrlar keltirgan raqamlar bir-biridan farq qilgani sababli avtomobilning aniq qiymatini tasdiqlangan summa sifatida ko‘rsatish qiyin. Ammo barcha manbalar Husanovga yangi Mercedes-Benz G-Class sovg‘a qilinganini tasdiqlaydi.

Asanbayev Husanovning Yevropadagi faoliyati boshlanishida ham muhim rol o‘ynagan. U yosh futbolchining Belarusning «Energetik-BGU» klubiga yo‘l olishiga ko‘maklashgan mutaxassislardan biri sifatida tilga olinadi.

Jahon chempionatiga chiqish uchun yana bir avtomobil

Husanov 2025-yilda yana bir avtomobilni sovg‘a sifatida olgan. O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanma olganidan so‘ng futbolchilar va murabbiylar prezident nomidan BYD avtomobillari bilan taqdirlangan.

Indoneziyaning Kompas nashri sovg‘a qilingan modelni BYD Song Plus DM-i Champion deb ko‘rsatgan. O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi ham terma jamoa futbolchilariga prezident sovg‘asi sifatida BYD avtomobillari topshirilganini rasman tasdiqlagan.

Shu tariqa, ochiq manbalarda Husanov olgan kamida ikkita yirik avtomobil sovg‘asi qayd etilgan: Mercedes-Benz G-Class va Jahon chempionatiga chiqish munosabati bilan berilgan BYD.

Husanovning hozirgi daromadi qancha

Husanovning hozirgi moliyaviy holatini baholashda ikki davrni ajratish kerak. Forbes Sport 2026-yil iyunida uning umumiy yillik daromadini $6,2 mln deb hisoblagan: $5 mln futbol, $1,2 mln esa reklama va biznesdan.

Oradan bir oy o‘tib Husanov «Manchester Siti» bilan yaxshilangan yangi shartnoma imzoladi. Capology hozir uning faqat klubdagi kafolatlangan yalpi maoshini $7 mln deb baholamoqda. Bunga bonuslar, Puma bilan hamkorlik, boshqa reklama shartnomalari hamda AK45 biznesidan tushadigan daromadlar kirmaydi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Abduqodir Husanov qancha soliq to‘lashi haqida yozgan edi.

Shuningdek