
Apple kompaniyasi 9-sentabr kuni yangi qurilmalari taqdimotini o‘tkazadi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max bilan birga kompaniyaning tarixdagi ilk bukiluvchi iPhone’i ham namoyish etilishi kutilmoqda. Taqdimot Apple’ning yangi bosh direktori Jon Ternus rahbarligidagi birinchi yirik mahsulot tadbiri bo‘ladi.
Apple tadbir 9-sentabr kuni AQSh Tinch okeani vaqti bilan soat 10:00 da boshlanishini rasman tasdiqladi. Uni kompaniya sayti, Apple TV va YouTube orqali jonli tomosha qilish mumkin bo‘ladi.

Apple yangi rahbar bilan iPhone taqdimotini o‘tkazadi
Jon Ternus 1-sentabrdan Apple bosh direktori lavozimini egallaydi. U ilgari kompaniyaning apparat ta’minoti muhandisligi yo‘nalishiga rahbarlik qilgan. Tim Kuk esa bosh direktorlikdan ketib, Apple direktorlar kengashining ijrochi raisi sifatida faoliyatini davom ettiradi. Rahbariyatdagi bu o‘zgarish Apple tomonidan aprel oyida rasman e’lon qilingan edi.
Shu sababli sentabrdagi taqdimot Ternus uchun kompaniya rahbari sifatidagi dastlabki yirik sinovlardan biri bo‘ladi. Reuters qayd etishicha, uning bosh direktor etib tayinlanishi Apple kelgusi rivojlanishida qurilmalar va apparat innovatsiyalariga katta e’tibor qaratishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Apple ilk bukiluvchi iPhone’ni ko‘rsatishi mumkin
Taqdimotning asosiy yangiliklaridan biri Apple’ning uzoq vaqtdan beri kutilayotgan ilk bukiluvchi smartfoni bo‘lishi mumkin. Tahlilchilarga ko‘ra, qurilma ochilgan holatda iPad mini ekraniga yaqin o‘lchamdagi displeyga ega bo‘ladi. Uning narxi $2 mingdan $2,5 minggacha bo‘lishi mumkin. Hozircha Apple qurilmaning nomi, texnik xususiyatlari yoki narxini rasman oshkor qilmagan.
Bukiluvchi iPhone’ning chiqarilishi Apple’ni Samsung Electronics bilan ushbu segmentda to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatga olib kiradi. Samsung hozircha bukiluvchi smartfonlar bozoridagi yetakchi ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lib qolmoqda.
IDC prognozlariga ko‘ra, 2027-yilga borib Apple 17 mln donadan ortiq bukiluvchi iPhone yetkazib berishi mumkin. Reuters qayd etishicha, kompaniya bunday qimmat qurilmalar orqali mahsulotlarining o‘rtacha sotuv narxini oshirish va yuqori marjali premium segmentdagi mavqeini mustahkamlashga urinadi.

iPhone 18 Pro va Pro Max ham kutilmoqda
Apple sentabrdagi tadbirda iPhone 18 Pro hamda iPhone 18 Pro Max’ni ham namoyish etishi kutilmoqda. Hozircha ularning xususiyatlari rasman ochiqlanmagan bo‘lsa-da, yangi avlod qurilmalarida kuchliroq protsessor, yangilangan kameralar va avtonom ishlash vaqtini oshirishga qaratilgan o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin.
The Verge ma’lumotiga ko‘ra, bu yilgi kuzgi taqdimot asosan premium iPhone modellari atrofida qurilishi mumkin. Oddiy iPhone 18, iPhone 18e va ikkinchi avlod iPhone Air esa keyinroq, 2027-yilda chiqarilishi kutilmoqda.
Yangi iPhone’lar qimmatlashishi mumkin
Yangi smartfonlarning narxi hozircha Apple tomonidan e’lon qilinmagan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, AQShda 256 GB xotirali iPhone 18 Pro narxi $1,2 ming atrofidan, iPhone 18 Pro Max esa $1,3 mingga yaqin narxdan boshlanishi mumkin. Bukiluvchi model esa $2–2,5 ming oralig‘ida baholanishi kutilmoqda.
Narxlarning oshishiga xotira chiplari va boshqa elektron komponentlar qiymatining ko‘tarilishi ta’sir qilishi mumkin. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, elektronika ishlab chiqaruvchilari xotira chiplari va ma’lumot saqlash komponentlari taqchilligiga duch kelmoqda. Bu esa qurilmalar tannarxining oshishiga olib kelmoqda. Apple avvalroq ayrim Mac va iPad modellari narxini ham ko‘targan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri iPhone 18 Pro qanchalik tez ishlashi haqida yozgan edi.