Bill Geyts AI va robotlarga soliq joriy etishni taklif qildi

Microsoft asoschisi Bill Geyts sun’iy intellekt va robotlar inson mehnatini siqib chiqara boshlagan sari ulardan foydalanishga soliq joriy etish kerakligini taklif qildi. Unga ko‘ra, bunday mexanizm texnologiyalar tufayli ishini yo‘qotadigan odamlarni qayta tayyorlash va ijtimoiy himoya tizimini moliyalashtirishga yordam berishi mumkin.
Geyts bu fikrlarini o‘zining Gates Notes blogida e’lon qilgan maqolasida ilgari surdi. Milliarderning ta’kidlashicha, amaldagi soliq tizimi ayrim hollarda kompaniyalarni xodimlar o‘rniga avtomatlashtirilgan texnologiyalardan foydalanishga iqtisodiy jihatdan rag‘batlantiradi.
U vaziyatni quyidagicha izohlaydi: ish beruvchi yangi xodim yollaganida uning mehnatiga bog‘liq soliqlarni to‘laydi. Robot sotib olinganda esa kompaniya bunday xarajatni odatda biznes xarajati sifatida hisobdan chiqarishi mumkin. Geytsning fikricha, bu ikki holat o‘rtasidagi farq mashinalarga o‘tishni tezlashtirishi mumkin.
Soliqdan tushgan mablag‘ nima uchun sarflanadi
Geyts taklif qilayotgan mexanizmning asosiy maqsadi robotlar va AI rivojlanishini to‘xtatish emas. Uning fikricha, soliq inson mehnatining texnologiyalar bilan almashtirilish sur’atini biroz sekinlashtirib, hukumatlarga yangi sharoitga moslashish uchun qo‘shimcha vaqt beradi.
Shuningdek, tushadigan mablag‘ni ishsiz qolgan xodimlarni qayta tayyorlash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish va ish o‘rinlari qisqarishidan ko‘proq zarar ko‘rishi mumkin bo‘lgan jamoalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirish mumkin.
Geyts bunday soliq sun’iy intellektning jamiyat uchun foydali qo‘llanilishiga to‘sqinlik qilmasligi kerakligini ham ta’kidladi. Jumladan, tibbiyot va ta’lim xizmatlarini arzonlashtiradigan texnologiyalarni haddan tashqari soliqqa tortish noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin.
Geyts AI sababli ish o‘rinlari qisqarishidan xavotirda
Microsoft asoschisi sun’iy intellekt avvalgi texnologik inqiloblardan farqli ravishda insonning nafaqat jismoniy, balki aqliy mehnatini ham bajara olishini ta’kidlamoqda. Uning fikricha, AI huquq, mijozlarga xizmat ko‘rsatish, tibbiyot, dasturlash va ishlab chiqarish kabi ko‘plab sohalarga tez kirib boradi.
Geyts ayniqsa boshlang‘ich va o‘rta darajadagi ish o‘rinlari xavf ostida qolishi mumkinligidan xavotir bildirgan. Robotlar esa texnologik jihatdan rivojlanib borgani sari qurilish, mehmondo‘stlik va boshqa jismoniy mehnat talab qiladigan sohalarda ham insonlarni almashtira boshlashi mumkin.
U AI rivojini butunlay to‘xtatish real emasligini ham qayd etgan. Shu sababli asosiy vazifa texnologik taraqqiyotni cheklash emas, balki undan keladigan iqtisodiy va ijtimoiy o‘zgarishlarga oldindan tayyorgarlik ko‘rishdan iborat.
Geyts robotlarga soliq joriy etish g‘oyasini birinchi marta ilgari surayotgani yo‘q. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu taklifni bir necha yil avval ham bildirgan va o‘sha paytda g‘oya noodatiy deb baholangan. Hozir esa u robotlar va AI kengroq miqyosda ishchi kuchining o‘rnini egallashi mumkinligi sababli bu masala yanada dolzarb bo‘lganini ta’kidlamoqda.
Geytsning fikricha, AI davriga o‘tish jarayonida ayrim ishlarni ataylab insonlar uchun saqlab qolish masalasi ham ko‘rib chiqilishi kerak. Masalan, u keksalarga g‘amxo‘rlik qilish yoki og‘ir tibbiy xabarlarni yetkazish kabi vazifalarda inson ishtirokining alohida qiymati borligini ta’kidlagan.
Avvalroq NASA kelajakda Oy yuzasida foydalaniladigan transport vositalari uchun yangi avlod g‘ildiraklarini sinovdan o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.