Issiqmi yoki salqin: sentabrda O‘zbekistonda qanday ob-havo kutiladi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Yog‘ingarchilik kam bo‘ladi
Issiqmi yoki salqin: sentabrda O‘zbekistonda qanday ob-havo kutiladi
Foto: depositphotos

O‘zbekistonda 2026-yil sentabr oyida ob-havo nisbatan quruq va biroz iliq bo‘lishi kutilmoqda. Oyning birinchi o‘n kunligida kunduzgi harorat 30–35 daraja, ayrim kunlarda esa 37 darajagacha ko‘tarilishi mumkin.

«O‘zgidromet» prognoziga ko‘ra, sentabr oyida mamlakat hududining katta qismida yog‘ingarchilik kam bo‘ladi. O‘rtacha havo harorati esa iqlimiy me’yorga yaqin bo‘lishi kutilmoqda.

Oyning boshida 37 darajagacha issiq bo‘ladi

Sentabrning birinchi o‘n kunligida havo asosan kam bulutli va quruq bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Kechasi va erta tongda harorat 15–20 daraja atrofida bo‘ladi. Kunduz kunlari esa havo 30–35 darajagacha, ayrim kunlarda 37 darajagacha isishi mumkin.

Respublikaning janubiy hududlarida eng issiq kunlarda harorat 38–40 darajagacha yetishi ehtimoli bor.

Oy o‘rtasidan harorat pasayadi

Sentabrning ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida harorat nisbatan barqarorlashishi kutilmoqda.

Bu davrda kechalari havo asosan 10–15 daraja, kunduz kunlari esa 25–30 daraja bo‘ladi.

Ayrim qisqa muddatlarda haroratning ko‘tarilishi yoki pasayishi ham mumkin.

Sentabrda 1 – 3 kun yomg‘ir yog‘ishi mumkin

Prognozga ko‘ra, oy davomida ayrim hududlarda 1 – 3 kun biroz jadallikdagi yomg‘ir kuzatilishi mumkin. Janubiy hududlarda esa sentabr oyida yomg‘ir yog‘ish ehtimoli juda past.

Respublikaning katta qismida oylik yog‘ingarchilik miqdori me’yordan kam bo‘lishi kutilmoqda. Farg‘ona vodiysining ayrim joylarida yog‘ingarchilik me’yor atrofida bo‘lishi mumkin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida esa yog‘ingarchilik miqdori me’yor atrofida yoki undan ko‘proq bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yevropa keyingi issiqlik to‘lqiniga tayyorlanayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek