Namanganda 502,7 mln so‘mlik sifati kafolatlanmagan dorilar aniqlandi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda
Namanganda 502,7 mln so‘mlik sifati kafolatlanmagan dorilar aniqlandi
Foto: Departament

Namangan viloyatida umumiy qiymati 502,7 mln so‘mlik sifati kafolatlanmagan dori vositalari va tibbiy buyumlarning savdoga chiqarilishining oldi olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lum qildi.

Omborlardan 32 mingdan ortiq quti dori topildi

Departamentning Mingbuloq tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida «M.Sh.» MChJ rahbari va boshqa shaxslar Namangan shahridagi «Boburshoh» mahalla fuqarolar yig‘ini hamda Davlatobod tumanidagi «Porloq» MFY hududlarida joylashgan omborlarda dori vositalari va tibbiy buyumlarni saqlab kelayotgani aniqlandi.

Tekshiruvga ko‘ra, ushbu mahsulotlarning bir qismi davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan, ularga muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilmagan, ayrimlarining esa yaroqlilik muddati o‘tgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar jami 485 turdagi 32 626 quti dori vositalari va tibbiy buyumlar kelgusida sotish maqsadida saqlanganini qayd etdi. Ularning umumiy qiymati 502,7 mln so‘mga baholangan. Aniqlangan mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ushbu modda sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalari va tibbiy buyumlarni sotish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, sotib olish, saqlash, tashish yoki realizatsiya qilish bilan bog‘liq qonunbuzarliklar uchun javobgarlikni nazarda tutadi. Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Namanganda gaz tarmog‘ini ulab berishni va’da qilgan shaxslar ushlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek