Nepaldagi toshqinlarda 350 dan ortiq odamlar halok bo‘ldi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Yo‘qolganlar orasida kamida 700 nafar xorijiy sayyoh bor
Foto: China Daily/ Reuters

Nepalda yuz bergan kuchli sel va toshqinlar oqibatida 350 dan ortiq odamlar halok bo‘ldi, mingdan ziyod kishi esa bedarak yo‘qolgan. Yo‘qolganlar orasida kamida 700 nafar xorijiy sayyoh bor, deb xabar berdi Reuters.

Tabiiy ofat Nepalning Xitoyning Tibet hududi bilan chegaradosh qismida yuz berdi. Toshqin sayyohlar, tog‘ sayohatchilari va ziyoratchilar ko‘p harakatlanadigan yo‘llarni ham qamrab olgan.

Qutqaruv ishlari davom etmoqda

Qutqaruvchilar bedarak yo‘qolganlarni qidirish uchun vertolyotlardan foydalanmoqda. Yo‘llar uzilib qolgan shahar va vodiylardagi minglab odamlarga havo orqali chodirlar, oziq-ovqat va boshqa zarur vositalar yetkazilmoqda.

Nepal bosh vaziri Balendra Shah Nuvakot hududidagi vaziyatni shaxsan ko‘zdan kechirib, keyin Katmanduga qaytgan. U qutqaruvchilar, tibbiyot xodimlari, mahalliy hokimiyat vakillari va jabrlangan aholi bilan uchrashganini ma’lum qildi.

Shahning so‘zlariga ko‘ra, vaziyat hanuz murakkabligicha qolmoqda va barcha davlat idoralari maksimal imkoniyat bilan ishlamoqda. Hukumatning asosiy vazifasi odamlar hayotini saqlab qolish, bedarak yo‘qolganlarni topish, jarohatlanganlarni davolash va jabrlangan oilalarga tezkor yordam ko‘rsatishdan iborat.

Toshqinga muzlik qulashi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin

Mutaxassislar dastlabki baholarga ko‘ra, falokatga muzlikning qulashi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.

Shuningdek, Nepal tabiiy ofatlar bo‘yicha idorasi toshqin hududida daryo o‘zanining to‘silib qolishi oqibatida ko‘l hosil bo‘lganidan ogohlantirdi. Undagi suv sathi ko‘tarilmoqda va to‘siq yorilib ketsa, yangi suv toshqini yuz berishi xavfi mavjud.

Shu sababli ayrim hududlarda qo‘shimcha xavfsizlik choralari ko‘rilmoqda.

Xitoy tomonidagi hududga qutqaruvchilar hali yetib bormadi

Xitoyning Tibet hududidagi eng ko‘p zarar ko‘rgan joylarga qutqaruvchilar payshanba oqshomigacha yetib bora olmagan.

Girong chegara o‘tish punktiga olib boruvchi asosiy yo‘l loy, tosh va boshqa chiqindilar bilan to‘silib qolgan. Qutqaruv guruhlari yo‘lni ochish ishlarini davom ettirmoqda.

Reuters tasdiqlagan videolarda kuchli suv va loy oqimi o‘nlab odamlarni oqizib ketgani ko‘rinadi. Harbiy vertolyotdan olingan tasvirlarda esa chegara majmuasidagi deyarli barcha binolar, jumladan, bojxona va migratsiya xizmatlari joylashgan inshootlar vayron bo‘lgani aks etgan.

Payshanba kuni kechga kelib chegara darvozasidan uch kilometr masofada aloqa tiklangan, asosiy yo‘lning yana 800 metrlik qismi tozalangan. Biroq qutqaruvchilar falokat markaziga yetib borishi uchun yana bir necha yuz metr yo‘lni ochishi kerak.

Bedarak yo‘qolganlar orasida xorijliklar ko‘p

Kanada tashqi ishlar vaziri Anita Anand mamlakatning 30 nafar fuqarosi va doimiy yashash huquqiga ega shaxslari bilan aloqa o‘rnatilmaganini ma’lum qildi. Bu raqam yangi ma’lumotlar kelib tushishi bilan o‘zgarishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoydagi suv toshqinida 25 kishi halok bo‘lgani haqida yozgan edi.

Shuningdek