Nvidia 2028-yilda daromadini 70% oshirishni kutmoqda

eʼlon qilindi
Nvidia 2028-yilda daromadini 70% oshirishni kutmoqda
Foto: Krisztian Bocsi/Bloomberg

Nvidia kompaniyasi keyingi moliyaviy yilida daromad 70 foizga o‘sishini prognoz qildi. Bu haqda Axios nashri xabar bermoqda.

Kompaniyaning yangi prognozi e’lon qilingach, uning aksiyalari birjadan tashqari savdolarda 4,4 foizga qimmatlashdi. Sun’iy intellekt bozori uchun asosiy chip yetkazib beruvchilardan biri hisoblangan Nvidia so‘nggi chorakda ham tahlilchilar kutganidan yuqori natija ko‘rsatdi.

Kompaniya moliyaviy direktori Kolett Kressning aytishicha, Nvidia hozir ham taklif cheklovlariga duch kelmoqda. Agar ishlab chiqarish imkoniyatlari bunga yo‘l qo‘yganida, kompaniya kelasi yili daromadini ikki baravar oshirishi mumkin edi.

Choraklik daromad $96,2 mlrdga yetdi

Nvidia’ning 26-iyulda yakunlangan so‘nggi chorakdagi daromadi $96,2 mlrdni tashkil etdi. Bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan ikki baravardan ham ko‘p.

Sof foyda esa 126 foizga oshib, $59,7 mlrdga yetdi. S&P Capital IQ tahlilchilari mazkur davrda kompaniya daromadi $92,1 mlrd, foydasi esa $51,2 mlrd bo‘lishini kutgan edi.

Nvidia’ning eng katta daromad manbai bo‘lib qolayotgan ma’lumotlar markazlari segmenti ham yuqori sur’atda o‘sdi. Ushbu yo‘nalishdagi tushum 117 foizga ko‘payib, $89 mlrdni tashkil qildi.

Keyingi chorakda $100 mlrddan oshishi kutilmoqda

Nvidia navbatdagi hisobot davrida daromad $108 mlrd atrofida bo‘lishini prognoz qilmoqda. Kompaniya bu ko‘rsatkich ikki foiz yuqori yoki past bo‘lishi mumkinligini bildirdi.

Agar prognoz amalga oshsa, Nvidia tarixida birinchi marta choraklik daromad $100 mlrddan oshadi.

Hisobot e’lon qilinganidan so‘ng aksiyalar dastlab pasaygan, biroq Kress kompaniyaning keyingi moliyaviy yil uchun 70 foizlik o‘sish prognozini ma’lum qilgach, qimmatli qog‘ozlar qayta o‘sishni boshladi.

Avvalroq «Kursiv» Nvidia SI infratuzilmasi uchun $500 mlrd jalb qilmoqchiligi haqida yozgan edi.

Shuningdek