Olmaota – Toshkent poyezdida «Ayollar vagoni» ishga tushiriladi

Qozog‘istonning «Yo‘lovchi tashish» kompaniyasi 1-oktabrdan boshlab Olmaota – Toshkent xalqaro temir yo‘l yo‘nalishida ilk bor ayollar uchun mo‘ljallangan maxsus vagonni ishga tushiradi. Bu haqda «24.kz» xabar berdi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, bunday vagonni xalqaro yo‘nalishga qo‘shish qarori Olmaota – Toshkent poyezdiga talab yuqoriligi va yo‘lovchilar oqimi ortib borayotgani hisobga olinib qabul qilingan.
Qozog‘iston uchun bu ilk yo‘nalish emas
«Yo‘lovchi tashish» kompaniyasi boshqaruvi raisi Anuar Axmetjanovning ta’kidlashicha, Olmaota – Toshkent yo‘nalishi Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi yo‘lovchi qatnovini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Ayollar uchun maxsus vagon xizmati esa Qozog‘iston ichidagi temir yo‘l yo‘nalishlarida ham talab yuqori bo‘lgan xizmatlardan biri hisoblanadi.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, xizmat yo‘lga qo‘yilganidan buyon undan 946 mingdan ortiq yo‘lovchilar foydalangan. 1-oktabrdan Olmaota – Toshkent yo‘nalishi qo‘shilgach, Qozog‘istonda «Ayollar vagoni» mavjud bo‘lgan yo‘nalishlar soni 14 taga yetadi.
Qatnov har kun amalga oshiriladi
Hozirda Olmaota – Toshkent poyezdi har kuni qatnaydi. Olmaota stansiyasidan poyezd soat 19:05 da jo‘naydi va Toshkentga 12:53 da yetib keladi. Toshkentdan esa poyezd soat 14:41 da jo‘naydi va Olmaota shahriga 08:51 da yetib boradi.
Bu vagon faqat ayollar uchun
«Ayollar vagoni»da chiptalar faqat ayollarga sotiladi. Bunda yetti yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar voyaga yetgan ayol hamrohligida vagonda safar qilishi mumkin.
Maxsus vagonda yo‘lovchilarga faqat ayol kuzatuvchilar xizmat ko‘rsatadi. Vokzal kassalarida chipta xarid qilayotganda kassirga «Ayollar vagoni»dan joy tanlanishini aytish kerak.
Chiptalarni internet orqali ham xarid qilish mumkin. Buning uchun Qozog‘iston temir yo‘llarining rasmiy chipta tizimidan foydalaniladi. Chipta rasmiylashtirilayotganda joy belgisi «ЖН» ekaniga e’tibor berish kerak – ushbu belgi joy ayollar uchun mo‘ljallangan vagonga tegishli ekanini bildiradi.
Chiptalar poyezd jo‘nashidan 45 kun oldin sotuvga chiqariladi. Bu yo‘lovchilarga safarni oldindan rejalashtirish imkonini beradi.
Avvalroq yo‘lovchilar talabini qondirish maqsadida Toshkent – Xiva yo‘nalishiga yana bir «Jaloliddin Manguberdi» yuqori tezlikdagi elektropoyezdi qatnovga chiqarilgani haqida xabar berilgandi.