O‘zbekistonning oltin zaxiralari xavf ostida — Fitch Ratings

O‘zbekiston xalqaro zaxiralarining asosiy qismi oltinga to‘g‘ri keladi. Bu holat oltin narxi yuqori bo‘lgan paytda zaxiralar qiymatini oshirsa-da, qimmatbaho metall narxi keskin tushgan taqdirda mamlakatning tashqi moliyaviy buferlariga bosim qilishi mumkin. Bu haqda xalqaro reyting agentligi Fitch Ratings ma’lum qildi.
Zaxiralarning 87 foizi oltinda
Fitch hisob-kitobiga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmi yakunida O‘zbekiston xalqaro zaxiralarining 87 foizi oltindan iborat bo‘lgan. Bu Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari orasidagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri. Qirg‘izistonda ham oltinning zaxiralardagi ulushi 80 foizga yetgan.
Bunday tuzilma mamlakat uchun ikki tomonlama ta’sirga ega. Oltin narxi oshsa, zaxiralarning umumiy qiymati ham ko‘tariladi. Aksincha, bozorda keskin pasayish yuz bersa, oltin ko‘rinishidagi aktivlarning dollar qiymati qisqaradi.
Oltin narxi tushsa nima bo‘ladi
Fitch tahlilchilarining fikricha, oltin narxining sezilarli darajada pasayishi, ayniqsa, zaxiralarining katta qismini oltinda saqlayotgan O‘zbekiston va Qirg‘izistonga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Biroq agentlik buni mamlakatlarning kredit reytingi darhol pasayadi, degan ma’noda baholamayapti. Fitch bunday ssenariyning o‘zi O‘zbekistonning suveren kredit reytingiga nisbatan salbiy qaror qabul qilish uchun yetarli bo‘lishi ehtimoli pastligini qayd etgan.
Zaxiralar qiymatining o‘sishi, asosan, oltin narxidan kelgan
Fitch O‘zbekistondagi yana bir muhim jihatga e’tibor qaratgan. 2024 – 2026-yillarda mamlakatning oltin zaxiralari qiymati qariyb ikki barobar oshgan.
Ammo bu o‘sishning 91 foizi oltin narxining qimmatlashishi hisobiga yuz bergan. Ya’ni zaxiralardagi fizik oltin hajmi keskin ko‘paygani emas, mavjud oltinning bozor qiymati oshgani asosiy omil bo‘lgan.
Bu jihat muhim: oltin narxidagi o‘sish zaxiralarni qog‘ozda kattalashtiradi, narx pasaysa esa xuddi shu mexanizm teskari ishlaydi.
Oltin O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun qanchalik muhim
Fitch ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda oltin qazib olish iqtisodiyotning 7 foizdan ko‘prog‘ini, eksportning esa 40 foizidan ortig‘ini tashkil qiladi. Shu sababli oltin narxi, ishlab chiqarish hajmi va mamlakat oltin eksportining ko‘lami tashqi balans uchun muhim omillardan hisoblanadi.
2024-yilda O‘zbekistonda oltin ishlab chiqarish 8 foizga oshib, 129 tonnaga yetgan. Bu 2010-yildagi ko‘rsatkichdan 2,9 barobar ko‘p. Biroq 2025-yilda ishlab chiqarish 3 foizga qisqargan.
Oltin eksporti joriy hisob taqchilligini ham qisqartirgan
Fitch hisob-kitobida O‘zbekistonning joriy hisob taqchilligi 2023-yildagi YAIMning 7,3 foizidan 2025-yilda 3,9 foizigacha qisqargani qayd etilgan.
Bunda oltin eksportining dollar hisobida 20 foizga o‘sishi ham muhim rol o‘ynagan. Demak, oltin O‘zbekiston uchun faqat xalqaro zaxira aktivi emas, balki tashqi savdo va valyuta tushumlarining ham muhim manbalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Markaziy bank oltin xaridida ustuvor huquqqa ega
Fitch Markaziy Osiyodagi yana bir umumiy xususiyatni qayd etgan. Mintaqa mamlakatlarida markaziy banklar mamlakat hududida qazib olingan oltinni xarid qilishda ustuvor huquqqa ega.
Agentlikning fikricha, oltinning katta ulushini zaxiralarda saqlash tashqi shoklarga qarshi himoyani kuchaytirishi mumkin. Biroq oltin narxining yuqori o‘zgaruvchanligi zaxiralar qiymatini bozor tebranishlariga ko‘proq bog‘lab qo‘yadi.
Avvalroq O‘zbekiston Respublikasining rasmiy xalqaro zaxiralari 2026-yilning 1-avgust holatiga ko‘ra $64,3 mlrdga yetgandi.