Prezident farmoni bilan 264 kishi O‘zbekiston fuqarosi bo‘ldi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat mustaqilligining 35 yilligi arafasida 264 nafar shaxsni O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» xabar berdi. https://t.me/uzbekistan24_tvnews/292003
Ayrimlar fuqarolikni o‘nlab yillar kutgan
«O‘zbekiston 24» lavhasida fuqarolikka qabul qilingan fuqarolardan biri – Xursanoy Jumaboyeva o‘z hikoyasi bilan o‘rtoqlashgan.
U 2000-yilda O‘zbekistonga ko‘chib kelganini va 26 yildan buyon Toshkent viloyatida yashayotganini aytgan. Jumaboyevaning so‘zlariga ko‘ra, fuqaroligi bo‘lmagani sababli ko‘p yillar davomida Tojikistonga bora olmagan. Hatto onasi vafot etganida ham uni so‘nggi yo‘lga kuzata olmagan.
Yana bir fuqaro Robiya Qahhorova esa O‘zbekiston fuqaroligini 40 yil kutganini bildirgan.
Otabek Rasulov ham fuqaroliksiz yashash qiyinchiliklarini eslagan. Uning aytishicha, oila a’zolari uzoq vaqt davomida «4-forma» bilan yurishga majbur bo‘lgan. Fuqarolik berilgani haqidagi xabarni eshitganida esa bundan juda xursand bo‘lgan.
264 kishining 90 nafari Surxondaryoda yashaydi
Ma’lumotlarga ko‘ra, prezident farmoni bilan O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilingan 264 kishining 90 nafari Surxondaryo viloyatida istiqomat qiladi. Bu fuqarolik masalasida so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan jarayonlarning navbatdagi bosqichi hisoblanadi.
O‘zbekistonda fuqarolik olganlar soni oshgan
O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyingi dastlabki yillarda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni fuqarolikka qabul qilish holatlari nisbatan kam bo‘lgan.
1991 – 2007-yillarda 482 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilingan. 2007 – 2016-yillar oralig‘ida esa fuqarolikka qabul qilish holatlari qayd etilmagan.
2016-yildan boshlab vaziyat sezilarli darajada o‘zgardi. Shu davrdan buyon qariyb 26 ming kishi O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilingan.
Bundan tashqari, fuqarolikni tan olish instituti joriy etilgach, 60 mingdan ortiq shaxslar O‘zbekiston fuqarosi sifatida tan olingan.
Avvalroq O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi arafasida 852 nafar jazoni o‘tayotgan shaxs afv etilgandi.