
Samsung kompaniyasi Galaxy S26 flagmanlar oilasining eng arzon modeli — Samsung Galaxy S26 FE smartfonini taqdim etdi. Bu haqda kompaniya saytida ma’lum qilindi.
Yangi qurilma 3 nanometrli Exynos 2500 protsessori, Galaxy AI funksiyalari, 4900 mA/soat sig‘imli akkumulyator hamda yetti yil davomida dasturiy yangilanishlarni qo‘llab-quvvatlashi bilan ajralib turadi.
Smartfonning boshlang‘ich narxi $700 etib belgilandi. Bu avvalgi Galaxy S25 FE modelining boshlang‘ich narxidan $50 qimmatroq.
Exynos 2500 va Android 17

Galaxy S26 FE yangi Exynos 2500 protsessori asosida ishlaydi. Samsung ushbu chipni 3 nanometrli texnologik jarayon asosida ishlab chiqargan.
Qurilma Galaxy S26 oilasida Android 17 hamda One UI 9 operatsion tizimi bilan sotuvga chiqariladigan ilk model bo‘ldi.
Smartfonga Samsung’ning Galaxy AI sun’iy intellekt funksiyalari ham qo‘shilgan. Jumladan, My FanCam funksiyasi avval yozib olingan videoda tanlangan insonni avtomatik kuzatib, tasvirni unga mos ravishda yaqinlashtiradi va obyektni kadr markazida ushlab turadi.
Horizon Lock esa telefon video olish vaqtida hatto 360 darajaga aylantirilganida ham gorizontni barqaror holatda saqlashga yordam beradi.
Sun’iy intellekt yordamida suratlarni tahrirlash mumkin
Samsung Nightography funksiyasini ham takomillashtirdi. Kompaniyaga ko‘ra, bu texnologiya kam yorug‘lik sharoitida foto va videolar sifatini yaxshilaydi.
Photo Assist orqali foydalanuvchi suratlarni matnli buyruqlar yordamida tahrirlashi mumkin. Masalan, fonni almashtirish, kunduzgi tasvirni tungi ko‘rinishga o‘tkazish yoki suratga obyekt qo‘shish va undan obyektlarni olib tashlash imkoniyati mavjud.
Now Brief funksiyasi ham kengaytirildi. Foydalanuvchi sun’iy intellektga oddiy so‘zlar bilan murojaat qilib, ovqatlanish, salomatlik yoki ob-havo haqidagi ma’lumotlardan iborat maxsus axborot vidjetini yaratishni so‘rashi mumkin.
6,7 dyuymli OLED ekran va 4900 mA/soat akkumulyator
Galaxy S26 FE 6,7 dyuymli OLED displey bilan jihozlangan. Ekran Full HD+ aniqligi, 120 Gts yangilanish chastotasi va 1900 nitgacha maksimal yorqinlikni qo‘llab-quvvatlaydi.
Smartfonning akkumulyatori 4900 mA/soat sig‘imga ega. Simli quvvatlash quvvati 45 Vt, simsiz quvvatlash esa 15 Vtni tashkil qiladi.
Qurilma IP68 standarti bo‘yicha chang va suvdan himoyalangan.

Kamera 30 karra kattalashtirish imkonini beradi
Galaxy S26 FE kameralar tizimi avvalgi Galaxy S25 FE modelidagiga yaqin qolgan.
Asosiy kamera 50 MP sensor bilan jihozlangan. Bundan tashqari, 3 karra optik va 30 karra kombinatsiyalangan zumni qo‘llab-quvvatlovchi 8 MP telefoto kamera hamda 12 MP ultra keng burchakli kamera mavjud.
Old kamera esa 12 MP aniqlikka ega.
Samsung yetti yil yangilanish va’da qildi
Samsung Galaxy S26 FE uchun operatsion tizimning yirik yangilanishlari va xavfsizlik patchlarini yetti yil davomida taqdim etishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, xaridorlarga Google AI Pro xizmatiga olti oylik obuna hamda 5 TB bulutli xotira taqdim etiladi. Samsung avvalroq shunga o‘xshash bonusni buklanuvchi Galaxy Z smartfonlari xaridorlariga taklif qilgan edi.
Galaxy S26 FE uch xil rangda sotuvga chiqariladi. 128 GB xotirali boshlang‘ich versiya narxi $700 bo‘ladi. Smartfon savdosi sentabr oyining boshida boshlanishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy S27 Ultra dizayni keskin o‘zgarishi mumkinligi haqida yozgan edi.