Toshkentdagi oliygohlarda darslar soat 08:00 da boshlanadi

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab Toshkent shahrida joylashgan oliy ta’lim tashkilotlarida kunduzgi darslar soat 08:00 da boshlanadi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Nima uchun 8:00
Yangi tartib poytaxtdagi transport oqimini samarali tashkil etish va ertalabki hamda kechki tig‘iz vaqtlarda yo‘llarga tushadigan yuklamani kamaytirish maqsadida joriy qilinmoqda.
Vazirlikka ko‘ra, darslarning ertaroq boshlanishi oliygohlarda tahsil olayotgan talabalar hamda professor-o‘qituvchilarning harakatlanish vaqtini oqilona rejalashtirish imkonini beradi. Shuningdek, bu kun davomida o‘quv jarayonini samaraliroq tashkil etishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Yangi tartib kunduzgi va kechki ta’lim shakllarida tahsil olayotgan talabalar uchun ham o‘quv kunini to‘g‘ri rejalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishi aytilmoqda. Mashg‘ulotlarni ertaroq boshlash natijasida talabalar uchun o‘quv va boshqa faoliyatlarga vaqt ajratish imkoniyati oshadi.
Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonida Toshkentdagi oliygohlar rahbarlari, professor-o‘qituvchilar va talabalar darslarning yangi boshlanish vaqtini hisobga olishi so‘ralgan. Ta’lim tashkilotlari o‘quv mashg‘ulotlarini belgilangan vaqtda boshlash hamda talabalar uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlash choralarini ko‘rishi kerak.
Avvalroq Oliy ta’lim muassasalarida to‘ldirilmay qolgan vakant o‘rinlarga hujjat topshirish bo‘yicha asosiy talablar ma‘lum qilingandi.