Uzbekistan Airways Markaziy Osiyoda ilk Boeing 787-9 trenajyorini o‘rnatadi

Uzbekistan Airways Boeing 787 Dreamliner samolyotlaridan foydalanayotganiga 10 yil to‘lishi munosabati bilan Markaziy Osiyodagi birinchi to‘liq funksional Boeing 787-9 FFS trenajyorini o‘rnatishini ma’lum qildi. Yangi trenajyor uchuvchilarni O‘zbekistonda tayyorlash imkonini beradi.
Uzbekistan Airways ma’lumotiga ko‘ra, ilk Boeing 787-8 Dreamliner 2016-yilda O‘zbekistonga olib kelingan. Samolyot UK78701 bort raqamini olgan va o‘sha yili tijoriy foydalanishga topshirilgan.
2016-yil noyabrida aviakompaniya ikkinchi Dreamliner’ni qabul qilgan. 2018-yil mayida park uchinchi samolyot bilan, 2019-yilda yana ikkita, 2021-yil mayida esa oltinchi Boeing 787-8 bilan to‘ldirilgan.
Uchuvchilar endi O‘zbekistonda tayyorlanadi

Yangi Boeing 787-9 FFS trenajyori Uzbekistan Airways O‘quv-mashg‘ulot markazida o‘rnatiladi. Aviakompaniya bu Markaziy Osiyoda ushbu turdagi birinchi to‘liq funksional trenajyor bo‘lishini bildirdi.
U Kanadaning CAE Inc. kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladi va eng yuqori Level D sertifikatsiyasi talablariga javob beradi.
Trenajyor samolyot kabinasi, bort tizimlari hamda parvoz xususiyatlarini imkon qadar aniq takrorlaydi. Bu uchuvchilarning to‘liq tayyorgarlik bosqichlarini O‘zbekistonda o‘tashiga imkon yaratadi.
Natijada aviakompaniya uchuvchilarni xorijdagi o‘quv markazlariga yuborishga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirishni rejalashtirmoqda.
22 ta yangi Boeing 787-9 xarid qilinadi
Trenajyorni sotib olish Uzbekistan Airways va Boeing o‘rtasida 22 ta Boeing 787-9 Dreamliner yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan shartnoma doirasida ko‘zda tutilgan.
Aviakompaniya 2025-yilda 22 ta keng fyuzelyajli Boeing 787-9 samolyotini xarid qilish bo‘yicha o‘z tarixidagi eng yirik shartnomani imzolagan. Dastlabki samolyotlarni yetkazib berish 2031-yildan boshlanishi kutilmoqda.
Yangi samolyotlar uzoq masofali parvozlar geografiyasini kengaytirish, talab yuqori yo‘nalishlarda tashish hajmini oshirish va parvozlar jadvalini barqarorlashtirish uchun ishlatiladi.
Dreamliner bilan AQShga to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlar yo‘lga qo‘yilgan

Uzbekistan Airways 2017-yil 27-iyulda Dreamliner yordamida aviakompaniya tarixidagi ilk to‘g‘ridan to‘g‘ri Toshkent – Nyu-York parvozini amalga oshirgan.
Hozir aviakompaniya AQShga haftasiga besh marta to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlarni amalga oshirmoqda.
Shuningdek, Uzbekistan Airways Technics bazasida kompozit materiallarni ta’mirlash bo‘yicha maxsus markaz tashkil etilgan. Aviakompaniya Boeing 787 samolyotlariga texnik xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini ham bosqichma-bosqich kengaytirgan.
2026-yil 8-mayda Uzbekistan Airways Technics mutaxassislari Boeing 787 samolyotida murakkab dvigatel sinovlaridan biri – On-Wing testing’ni ilk bor Boeing mutaxassislarining bevosita ishtirokisiz muvaffaqiyatli o‘tkazgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq davlat rahbari Uzbekistan Airways $120 mln daromadni boy berayotganini ma’lum qilgandi.