Wildberries asoschisi Ukraina sabab boyligining 40 foizini yo‘qotdi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Tatyana Kimning boyligi bir yil ichida $7,1 mlrddan $5 mlrdgacha kamaydi
Foto: Tass.ru

Wildberries asoschisi va RWB rahbari Tatyana Kimning boyligi bir yil ichida $7,1 mlrddan $5 mlrdgacha kamaydi. Forbes bu pasayishni Rossiya fond bozori qiymatining tushishi hamda Wildberries logistika markazlariga berilgan dron zarbalari bilan bog‘lagan.

Boylik $2 mlrddan ko‘proqqa qisqardi

Forbes’ning 2026-yilgi Rossiyadagi eng boy ayollar reytingiga ko‘ra, Kimning boyligi o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan $2,1 mlrdga, ya’ni qariyb 30 foizga kamaygan. Shu bilan birga, mart oyida Forbes milliarderlar reytingi tuzilgan paytda uning boyligi $8,1 mlrd deb baholangan edi.

Shunday qilib, mart oyidagi baho bilan solishtirilganda Kimning kapitali qariyb 39 foizga qisqargan.

Bunga qaramay, tadbirkor ayol Rossiyaning eng boy ayoli maqomini saqlab qoldi. U Forbes reytingida beshinchi marta birinchi o‘rinni egalladi.

Wildberries omborlariga ketma-ket zarbalar

Wildberries logistika infratuzilmasi iyul oyidan boshlab dron hujumlari oqibatida jiddiy zarar ko‘rgan. ISW ma’lumotlariga ko‘ra, iyul – avgust oylarida kompaniyaning eng yirik logistika markazlaridan bir nechtasi zarbaga uchragan va ayrim obyektlarda ishlar to‘xtatilgan.

Data Insight hisob-kitoblariga ko‘ra, Wildberries infratuzilmasiga yetkazilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri zarar 147 – 223 mlrd rublni tashkil qilgan. Omborlarni buzish, chiqindilarni olib tashlash va hududlarni tiklash xarajatlari ham hisobga olinsa, summa 278,9 mlrd rublgacha yetishi mumkin.

Rossiyadagi eng boy ayollar soni kamaydi

Forbes reytingida Rossiyalik ayollarning jami boyligi bir yil ichida $25,75 mlrddan $18,95 mlrdgacha qisqargan. Milliarder ayollar soni esa to‘qqiz nafardan to‘rt nafargacha kamaygan.

Kimdan keyingi o‘rinlarni Elena Baturina – $1,3 mlrd, Lyudmila Kogan – $1,25 mlrd va Ekaterina Fedun – $1 mlrd bilan egallagan.

Avvalroq Rossiyadagi Wildberries omborlariga uyushtirilgan dron hujumlari oqibatida qariyb 11 mln dona kitob yo‘q qilingani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek