2 mlrd dollarlik investitsiya: Mirziyoyev Singapurning Katta vazirini qabul qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-avgust kuni Singapur respublikasining Katta vaziri Li Syan Lun boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda savdo, investitsiyalar, raqamlashtirish, davlat boshqaruvi va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Suhbat avvalida Li Syan Lun Singapur prezidenti Tarman Shanmugaratnam va Bosh vaziri Lourens Vongning salomi hamda ezgu tilaklarini yetkazdi. Tomonlar O‘zbekiston va Singapur o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanayotganini qayd etdi.
Investitsiyalar hajmi qariyb $2 mlrdni tashkil qildi

Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi va qo‘shma korxonalar soni o‘sib borayotgani ta’kidlandi. Singapurning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari hajmi qariyb $2 mlrdga yetgan.
Shuningdek, Singapur kompaniyalarining O‘zbekistondagi investitsiyaviy faoliyatini yanada kengaytirish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
O‘rta muddatli qo‘shma dastur ishlab chiqiladi
Tomonlar strategik va innovatsion sheriklik bo‘yicha o‘rta muddatli qo‘shma dastur ishlab chiqishga kelishib oldi.
Unda savdo, investitsiyalar, texnologiyalar transferi, davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, inson kapitalini rivojlantirish va raqamlashtirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilanadi.
Singapur tajribasi moliya va iqtisodiy zonalarda qo‘llanadi



O‘zbekistonda maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini takomillashtirish, Toshkent xalqaro moliya markazi va raqamli bank tizimini rivojlantirishda Singapurning ilg‘or tajribasidan foydalanishga alohida e’tibor qaratildi.
Singapur oliy ta’lim muassasalarining O‘zbekistondagi faoliyati bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlanishi bildirildi.
Muntazam siyosiy va iqtisodiy muloqot yo‘lga qo‘yiladi
Yuqori darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va qo‘shma rejalarni muvofiqlashtirish uchun ikki davlatning siyosiy va iqtisodiy tuzilmalari o‘rtasida muntazam muloqot olib borish zarurligi qayd etildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning yaqinda BMTning Mediatsiya to‘g‘risidagi Singapur konvensiyasiga qo‘shilgani ham olqishlandi. Tomonlar xalqaro tashkilotlar doirasidagi o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 2026-yilda $180 mlrddan oshishi kutilmoqda. Qayd etilishicha, o‘tgan davr mobaynida O‘zbekistonga $160 mlrddan ortiq xorijiy investitsiya jalb qilingan. Iqtisodiy o‘sish sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida yangi ish o‘rinlari yaratilishi, shuningdek, ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasining kengayishi bilan birga kechgan.