40 daraja: dam olish kunlari havo isiydi

Dam olish kunlari O‘zbekiston hududining katta qismida havo biroz bulutli va quruq bo‘lishi kutilmoqda. Kunduzgi harorat asosan 33–38 daraja, janubiy hududlarda esa 39–40 darajagacha ko‘tariladi.
«O‘zgidromet» ma’lumotiga ko‘ra, yozning so‘nggi kunlarida mamlakatning katta qismida issiq ob-havo saqlanib qoladi.
Shimoli-g‘arbda havo salqinlashadi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va shimoli-g‘arbiy hududlarda avgust oyining so‘nggi kunlarida salqin havo massalari kirib kelishi boshlanadi. 31-avgustga kelib bu hududlarda kunduzgi harorat 25–30 darajagacha pasayishi kutilmoqda.
1-sentabr kuni esa salqin havo massalari O‘zbekistonning barcha hududlariga tarqaladi va harorat 3–5 darajaga pasayadi.
Ayrim joylarda shamol kuchayadi
Respublika bo‘yicha shamol ayrim joylarda 13–18 m/s gacha, ba’zan 20–22 m/s gacha kuchayishi mumkin. Ba’zi hududlarda shamol chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi ehtimoli bor.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining shimolida bugun va ertaga qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi hamda momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Toshkentda 38 darajagacha issiq bo‘ladi
Toshkent shahrida 28 – 30-avgust kunlari havo asosan kam bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kunduzgi harorat 35–38 daraja, 31-avgustda 34–36 daraja, 1-sentabrda esa 30–32 daraja bo‘lishi kutilmoqda.
Kechasi harorat asosan 20–22 daraja, 1-sentabrga kelib esa 16–18 darajagacha pasayadi. Shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, shimoli-g‘arbdan 3–8 m/s tezlikda esadi. Vaqti-vaqti bilan 10–12 m/s gacha kuchayishi va ayrim joylarda chang-to‘zon kuzatilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nepal va Xitoyning Tibet hududida yuz bergan kuchli suv toshqinlari oqibatida 1,5 mingga yaqin kishilar bedarak yo‘qolgani haqida xabar berilgandi. Ular orasida 700 dan ortiq xorijlik fuqarolar bor. Hozircha tabiiy ofat oqibatida halok bo‘lgan yoki jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari borligi haqida ma’lumot kelib tushmagan.