Dunyoda milliarderlar soni 8,2 foizga oshdi

eʼlon qilindi
Ularning jami boyligi esa bir yil ichida 12,8 foizga oshdi
Dunyoda milliarderlar soni 8,2 foizga oshdi
Foto: Fortune

Altrata kompaniyasining Billionaire Census 2026 hisobotiga ko‘ra, 2025-yilda dunyodagi milliarderlar soni rekord darajadagi 3 795 nafarga yetdi va o‘tgan yildagiga nisbatan 8,2 foizga oshdi. Ularning jami boyligi esa bir yil ichida 12,8 foizga oshib, $15,1 trlnni tashkil etdi.

Hisobotga ko‘ra, dunyoda boyligi $50 mlrddan yuqori bo‘lgan 29 nafar «supermilliarder» mavjud. Altrata milliarderlar boyligining o‘sishida sun’iy intellekt sohasiga yo‘naltirilgan investitsiyalar asosiy omillardan biri bo‘lganini qayd etgan.

Google asoschisi Larri Peyj, Tesla rahbari Ilon Mask va Amazon asoschisi Jeff Bezos kabi milliarderlarning boyligi ham AI bilan bog‘liq investitsiya o‘sishidan foyda ko‘rgan.

Milliarderlarning 5 foizdan ortig‘i sport klubiga egalik qiladi

Hisobotda sport milliarderlar orasidagi eng ommabop qiziqishlardan biri ekani aytiladi. Hozirda taxminan 201 nafar milliarder, ya’ni ularning 5 foizdan biroz ko‘prog‘i sport klubi yoki franshizasida ulushga ega.

Boy investorlar, ayniqsa, AQShdagi NFL va NBA jamoalariga, shuningdek Angliya Premyer-ligasi klublariga katta qiziqish bildirmoqda.

Sport klublari «nufuzli aktiv»ga aylanmoqda

Altrata ma’lumotiga ko‘ra, milliarderlarning superyaxtalar, qimmat soatlar, san’at asarlari va sport klublari kabi «qiziqish aktivlari»ga yo‘naltirgan boyligi so‘nggi o‘n yilda yiliga o‘rtacha 13,3 foizdan o‘sib borgan.

Sport klubi nafaqat investitsiya, balki boylik va ijtimoiy mavqeni namoyish etuvchi aktiv sifatida ham qaralmoqda. Sportga qiziqishning oshishiga media huquqlari, striming xizmatlari, homiylik va boshqa daromad manbalarining kengayishi ham yordam bermoqda.

Milliarderlar xayriyaga ham milliardlab dollar sarflamoqda

Sport bilan birga xayriya ham milliarderlar orasida keng tarqalgan yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Masalan, Stiv Ballmer va uning rafiqasi Konni so‘nggi yigirma yil davomida AQShdagi kam ta’minlangan bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun $8 mlrddan ortiq mablag‘ ajratgan.

New England Patriots egasi Robert Kraft esa sog‘liqni saqlash, qamoqxona islohoti va boshqa ijtimoiy loyihalarga $1 mlrddan ortiq xayriya qilgan. Altrata hisob-kitobiga ko‘ra, milliarderlarning umumiy boyligi hozir $15,1 trlnni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yilda Forbes global reytingidagi rossiyalik milliarderlar soni 155 nafarga yetgani, ularning umumiy boyligi esa $696,5 mlrdni tashkil etgani xabar qilingandi. Taqqoslash uchun: o‘tgan yili ular 146 kishi bo‘lib, aktivlari $625,5 mlrdga baholangan edi.

Shuningdek