Mirziyoyev qatag‘on qurbonlari xotirasini yod etdi

eʼlon qilindi
So‘nggi o‘n yil ichida 100 mingdan ortiq o‘zbekistonlik Haj ziyoratini ado etgani ma’lum qilindi
Mirziyoyev qatag‘on qurbonlari xotirasini yod etdi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-avgust kuni Shahidlar xotirasi xiyobonida qatag‘on qurbonlarini xotirlash marosimida ishtirok etdi. Tadbir Mustaqillik bayrami arafasida o‘tkazilib, unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, din arboblari hamda ziyolilar qatnashdi.

Marosim davomida Vatan ozodligi va erkinligi yo‘lida qurbon bo‘lgan ajdodlar xotirasiga Qur’on oyatlari tilovat qilindi, duo o‘qildi va xotira palovi tortildi.

Tarixiy xotirani saqlash muhimligi ta’kidlandi

Shahidlar xotirasi xiyobonidagi ramziy qabr oldida ham Qur’on tilovat qilindi. Shundan so‘ng davlat rahbari din arboblari va ziyolilar bilan tarixiy xotirani asrash, qatag‘on qurbonlari nomlarini tiklash hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalarini muhokama qildi.

«Shu kunlarda butun mamlakatimiz milliy mustaqilligimizning 35 yilligini katta quvonch bilan nishonlamoqda. Mana o‘ttiz besh yildirki, biz mustaqilmiz, tinch va musaffo osmon ostida erkin va farovon hayot kechirmoqdamiz. Bu buyuk ne’mat, bebaho xazina. Bunday muhim kunlarda bizning muqaddas burchimiz mustaqillik va ozodlik yo‘lida halok bo‘lgan qahramon ajdodlarimizni xotirlash va ularning muborak xotirasini sharaflashdir», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident fidoyi ajdodlarning jasorati hech qachon unutilmasligi va ularning hayoti xalq uchun ma’naviy kuch manbai bo‘lib qolishini qayd etdi.

1 200 dan ortiq qatag‘on qurbonlari oqlandi

So‘nggi yillarda qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish va tarixiy adolatni tiklash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Shahidlar xotirasi majmuasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi to‘liq ta’mirlanib, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi. Uning ekspozitsiya maydoni kengaytirildi, raqamli tizimlar va sun’iy intellekt vositalari orqali muzey eksponatlari yanada interaktiv va tushunarli ko‘rinishga keltirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va hududlardagi qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylari ham yangilandi. Ularning fondlari xorijdan topilgan noyob hujjatlar va fotosuratlar bilan boyitilmoqda.

2021 – 2025-yillarda O‘zbekiston Oliy sudi tomonidan qatag‘on qurboni bo‘lgan 1 200 dan ortiq vatandoshlar oqlangan. 2026-yilda esa sobiq totalitar tuzum davrida noqonuniy ayblanib, qamoq yoki o‘lim jazosiga hukm qilingan yana 161 kishi reabilitatsiya qilindi.

Diniy va ma’rifiy markazlar rivojlantirilmoqda

Prezident Islom sivilizatsiyasi markazi qurilgani, Samarqandda Imom Buxoriy majmuasi rekonstruksiya qilingani va Marg‘ilonda Burhoniddin Marg‘inoniy markazi tashkil qilinganini ham qayd etdi.

Shuningdek, so‘nggi o‘n yil ichida 100 mingdan ortiq o‘zbekistonlik Haj ziyoratini ado etgani ma’lum qilindi.

Davlat rahbari diniy jamoalar jamiyatda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlikni mustahkamlashda, yoshlar tarbiyasida faol ishtirok etishi muhimligini ta’kidladi.

Avvalroq «Kursiv» Shavkat Mirziyoyev Mustaqillik bayramida qatnashishi haqida yozgan edi.

Shuningdek