Nepaldagi suv toshqinida halok bo‘lganlar soni qariyb 500 nafarga yetdi

Nepalning shimoliy hududlarida yuz bergan kuchli suv toshqini oqibatida halok bo‘lganlar soni 469 nafarga yetdi. Yana 977 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Bu haqda Nepalning Milliy favqulodda operatsiyalar markazi ma’lumotlariga tayanib, mahalliy Ratopati nashri xabar berdi.
Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda
Tabiiy ofat oqibatida 73 kishi jarohatlangan, 3 253 kishi esa qutqarilgan. Bedarak yo‘qolganlar orasida 517 nafar xorij fuqarosi ham bor. Qutqaruvchilar vayronalar ostidan va daryo oqimlari bo‘ylab odamlarni izlash ishlarini davom ettirmoqda.
Qutqaruv ishlariga Nepal armiyasi, politsiya va qurolli politsiya kuchlaridan jami 9 405 nafar xodim jalb qilingan. Operatsiyalarda 15 ta vertolyot ham foydalanilmoqda.
Toshqin qanday yuzaga kelgan
Ofat 26-avgust kuni Nepalning Tibet bilan chegaradosh shimoliy hududlarida boshlangan. Dastlab Bhote-Koshi daryosining yuqori oqimida muz va tosh massasining keskin siljishi yuz bergan. Shundan keyin kuchli suv va loy oqimi daryo bo‘ylab pastga tushib, aholi punktlari hamda infratuzilmaga katta zarar yetkazgan.
Toshqin Timure va Syabrubesi kabi hududlarga, keyinchalik esa Bhote-Koshi va Trishuli daryolari bo‘ylab joylashgan boshqa aholi punktlariga ham tarqalgan.
Tabiiy ofat oqibatida uylar, yo‘llar va ko‘priklar vayron bo‘lgan, elektr energetikasi obyektlariga ham zarar yetgan. Kathmandu va Lhasa o‘rtasidagi muhim transport yo‘nalishlari ham jiddiy zarar ko‘rgan.
Xorijiy fuqarolar ham bedarak yo‘qolgan
Bedarak yo‘qolganlar orasida ko‘plab xorijiy sayyohlar va ziyoratchilar bor. Nepal Tashqi ishlar vazirligi xorijiy fuqarolar bilan bog‘liq ma’lumotlarni yig‘ish va qidiruv-qutqaruv ishlarini muvofiqlashtirish uchun maxsus tezkor guruh tashkil qilgan. Vazirlik tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirgan.
Qutqaruvchilarning ishini esa vayron bo‘lgan yo‘llar, ko‘priklar va aloqa tarmoqlari qiyinlashtirmoqda. Ayrim hududlarga yordam va qutqaruv guruhlarini vertolyotlar orqali yetkazishga to‘g‘ri kelmoqda.
Nepal va qo‘shni Tibet hududida qidiruv-qutqaruv operatsiyalari davom etmoqda. Rasmiylar ayni paytda bedarak yo‘qolganlarni topish va tabiiy ofatning yangi oqibatlarini oldini olishga e’tibor qaratmoqda.
Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoyning Tibet avtonom rayonida va Nepalning Tibet bilan chegarasida yuz bergan tabiiy ofatlar oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani va jarohatlangani munosabati bilan ikki davlat rahbariga hamdardlik bildirgandi.