Norvegiya qiroli Harald V vafot etdi

Norvegiya qiroli Harald V 28-avgust kuni 89 yoshida Oslo universiteti kasalxonasida vafot etdi. Bu haqda mamlakat qirollik saroyi xabar berdi.
U mamlakatni 35 yildan ortiq boshqardi va Norvegiya monarxiyasini zamonaviylashtirish hamda qirollik oilasini jamoatchilikka yaqinlashtirishdagi roli bilan tanildi.
Norvegiya hududida tug‘ilgan ilk valiahd
Harald V 1937-yilda tug‘ilgan. U qariyb 570 yil ichida Norvegiya hududida tug‘ilgan ilk norveg valiahdi bo‘lgan. Ikkinchi jahon urushi yillarida, Germaniya Norvegiyani bosib olganidan keyin uch yoshli Harald onasi va opa-singillari bilan avval Shvetsiyaga, keyinchalik AQShga ketgan. Urush tugagach, u Norvegiyaga qaytib, harbiy akademiyada va Oksford universitetida tahsil olgan.
1991-yil 17-yanvarda otasi Olaf V vafot etganidan so‘ng Harald Norvegiya taxtiga o‘tirgan. Uning qirollikdagi asosiy vazifalari asosan vakillik va marosimlarga oid bo‘lgan.
Aristokrat bo‘lmagan ayolga uylangan
Harald 1968-yilda Sonya Haraldsenga uylangan. Sonya aristokratlar oilasidan bo‘lmagan. Juftlik to‘qqiz yil yashirincha uchrashgan, biroq qirol Olaf V dastlab valiahdning oddiy oiladan chiqqan ayol bilan turmush qurishiga qarshi bo‘lgan.
Harald oxir-oqibat Sonya bilan turmush qurish uchun taxt vorisligidan voz kechishga ham tayyorligini bildirgan. Ularning ikki farzandi – 1971-yilda tug‘ilgan malika Marta Luiza va 1973-yilda tug‘ilgan valiahd shahzoda Hakon bor.
Konstitutsiyadagi o‘zgarishlar sabab Haraldning qizi katta bo‘lishiga qaramay, Hakon taxt vorisi sifatida qoldi. 1990-yilda qabul qilingan yangi tartibda jinsdan qat’i nazar, katta farzandga ustuvorlik berildi, biroq bu qoida o‘zgarishdan oldin tug‘ilgan qirollik oilasi a’zolariga nisbatan ortga qaytish kuchiga ega bo‘lmagan.
Monarxiyani xalqqa yaqinlashtirdi
Harald V hukmronligi davrida Norvegiya qirollik oilasi avvalgidan ochiqroq bo‘ldi. Qirollik saroyi rasmiy veb-saytini ishga tushirdi, davlat mablag‘lari sarfi haqida ko‘proq ma’lumot bera boshladi.
Qirol monarxiya ochiqligi haqida «darvozalarni ochganingizdan keyin ularni yana yopish juda qiyin», degan fikrni bildirgan.
Haraldning xalq orasidagi obro‘si ham yuqori bo‘lib qoldi. U, ayniqsa, mamlakat boshidan kechirgan og‘ir voqealar paytida norvegiyaliklarni birlashtiruvchi ramz sifatida ko‘rildi. 2011-yil 22-iyuldagi teraktlardan keyin qirol mamlakatga murojaat qilib, erkinlik qo‘rquvdan kuchli ekanini ta’kidlagan. O‘sha hujumlarda 77 kishi halok bo‘lgan.
2016-yilda qilgan mashhur nutqlaridan birida esa Harald turli millat, din va jinsiy oriyentatsiyaga ega odamlarni Norvegiya jamiyatining ajralmas qismi sifatida ta’riflagan.
Sportga qiziqqan qirol
Harald V nafaqat davlat rahbari, balki faol sportchi va yaxtachi sifatida ham tanilgan. U 1964-yilda Tokio Olimpiadasining ochilish marosimida Norvegiya bayrog‘ini olib chiqqan va Olimpiya o‘yinlarida yelkanli sport bo‘yicha ishtirok etgan.
1987-yilda esa Fram X yaxtasi ekipaji tarkibida jahon chempioniga aylangan.
Hayotining so‘nggi yillarida sog‘lig‘i yomonlashdi
Qirol so‘nggi yillarda bir necha bor shifoxonaga yotqizilgan. 2024-yilda unga yurak stimulyatori o‘rnatilgan. 2026-yil fevralida esa Tenerife orolida infeksiya va suvsizlanish sabab kasalxonaga olib borilgan.
17-avgust kuni Harald Oslo shahridagi shifoxonaga kamqonlik sabab yotqizildi. Keyinchalik unda qondagi bakterial infeksiya aniqlangan. 27-avgust kuni qirollik saroyi uning sog‘lig‘i «juda jiddiy» ekanini ma’lum qilgan.
28-avgust kuni qirollik saroyi Harald V Oslo universiteti kasalxonasida soat 06:35 da tinch vafot etganini rasman tasdiqladi.
Harald V’ning vafotidan so‘ng uning o‘g‘li, valiahd shahzoda Hakon Norvegiya taxtiga o‘tirdi.
Avvalroq Britaniyalik aktyor va qo‘shiqchi Tim Kerri 80 yoshida vafot etgani haqida xabar berilgandi.