
Samsung kompaniyasi Samsung Galaxy S26 FE smartfonini rasman taqdim etdi. Galaxy S26 oilasining nisbatan hamyonbop modeli 2026-yil 4-sentabrdan boshlab qator yirik bozorlarda sotuvga chiqadi. Smartfonning boshlang‘ich narxi AQShda $699 etib belgilandi.
Yangi model o‘tgan yilgi Galaxy S25 FE bilan taqqoslaganda qimmatroq bo‘ladi. Shu bilan birga, qurilma kuchliroq protsessor, kattaroq xotira variantlari va yangi kamera funksiyalariga ega bo‘ldi.
Galaxy S26 FE qancha turadi
Samsung ma’lumotiga ko‘ra, Galaxy S26 FE uchta xotira konfiguratsiyasida taklif etiladi.
AQShda 8 GB tezkor va 128 GB doimiy xotiraga ega bazaviy versiya $699 turadi. 8/256 GB variantining narxi esa $799 etib belgilangan. 512 GB xotirali versiya AQSh bozorida sotuvga chiqarilmaydi.
Buyuk Britaniyada 128 GB versiya 699 funt sterling, 256 GB model 799 funt sterling, 512 GB konfiguratsiya esa 949 funt sterling turadi. Yevropa bozorida narxlar mos ravishda 799 yevro, 899 yevro va 1 099 yevro qilib belgilangan.
Galaxy S25 FE AQShda $649 dan sotuvga chiqqan edi. Demak, yangi avlodning boshlang‘ich modeli avvalgisidan $50 qimmatroq bo‘ladi.
Sotuvlar 4-sentabrda boshlanadi
Galaxy S26 FE 2026-yil 4-sentabrdan boshlab dunyoning asosiy bozorlarida sotuvga chiqariladi.
Model Samsung’ning yil boshida taqdim etilgan Galaxy S26 flagmanlar oilasiga kiradi. FE – Fan Edition seriyasi odatda asosiy flagmanlarning ayrim imkoniyatlarini saqlagan holda, nisbatan arzonroq narxda taklif etiladi.
Smartfon Exynos 2500 protsessorini oldi
Galaxy S26 FE 6,7 dyuymli FHD+ displey bilan jihozlangan. Qurilmaning asosini Samsung’ning Exynos 2500 protsessori tashkil qiladi. Smartfonda 8 GB tezkor xotira mavjud. Doimiy xotira hajmi esa bozordan kelib chiqib 128, 256 yoki 512 GB bo‘lishi mumkin.
Qurilma 4 900 mA·soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan. U 45 Vt quvvatli simli hamda 15 Vt quvvatli simsiz zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Galaxy S26 FE zavoddan One UI 9.0 interfeysi bilan yetkazib beriladi.
Avvalroq «Kursiv» Galaxy S26 FE smartfoni taqdim etilgani haqida yozgan edi.