Tecno Spark Go 3 Pro 170 dollar narxda taqdim etildi

28-avgust 2026 17:00 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Tecno Spark Go 3 Pro 170 dollar narxda taqdim etildi
Foto: Tecno

Tecno kompaniyasi tomonidan arzon segmentga mo‘ljallangan yangi Tecno Spark Go 3 Pro smartfonini taqdim etildi. Bu haqda GSMArena nashri xabar bermoqda.

Model Spark Go 3’dan yetti oy o‘tib namoyish qilindi va 120 Hz ekran, 5 200 mA/soat batareya hamda IP69 himoya darajasi bilan ajralib turadi. Smartfonning 4/64 GB xotirali versiyasi $170, 4/128 GB konfiguratsiyasi esa $180 etib baholangan.

120 Gts ekran o‘rnatildi

Tecno Spark Go 3 Pro 6,78 dyuymli displey bilan jihozlangan. Ekranning yangilanish chastotasi 120 Hzni tashkil etadi.

Biroq ishlab chiqaruvchi hozircha displeyning aniqligi va maksimal yorqinligi haqida ma’lumot bermagan. Shuningdek, smartfonda qaysi protsessor qo‘llanilgani ham oshkor qilinmagan.

Batareya sig‘imi 5 200 mA/soat

Qurilma 5 200 mA·soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan. U 15 Vt quvvatli simli zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi.

Tecno hozircha qurilmaning avtonom ishlash vaqti bo‘yicha aniq ko‘rsatkichlarni taqdim etmagan.

Smartfon IP69 himoyasiga ega

Spark Go 3 Pro’ning muhim jihatlaridan biri IP69 himoya darajasi hisoblanadi. Bu smartfonning chang va suv ta’siriga nisbatan yuqori himoya darajasiga ega ekanini anglatadi.

Shuningdek, modelda stereo dinamiklar va infraqizil uzatgich mavjud. Infraqizil port orqali ayrim maishiy texnikalarni masofadan boshqarish mumkin bo‘ladi.

Kamera va protsessor tafsilotlari hozircha noma’lum

Tecno taqdimot chog‘ida qurilmaning barcha texnik xususiyatlarini oshkor qilmagan.

Hozircha asosiy va old kamera parametrlari, protsessor modeli, ekran aniqligi hamda yorqinlik ko‘rsatkichi noma’lum bo‘lib qolmoqda. Kompaniya bu ma’lumotlarni keyinroq e’lon qilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Tecno Pova 8 Pro smartfoni taqdim etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek