Toshkentda renovatsiya: mulkdorlarga o‘ringa o‘rin uy berish tartibi belgilandi

eʼlon qilindi
Bu haqda Toshkent shahar hokimining 25-avgustdagi qarori e’lon qilindi
1991-yilgacha qurilgan barcha uylar buziladimi?
Foto: ChatGPT

Toshkentning Yashnobod, Mirobod va Sergeli tumanlarida kompleks qurilish va renovatsiya loyihalarini amalga oshirish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Toshkent shahar hokimining 25-avgustdagi qarori e’lon qilindi.

Renovatsiyaga tushgan uy-joy mulkdorlariga kompensatsiya va o‘ringa o‘rin mulk taqdim etish masalalari bo‘yicha yangi tartib belgilandi.

Qaror bilan mazkur uch tumanda kompleks qurilish loyihalarini amalga oshirish uchun mas’ul tashkilot etib Toshkent Invest kompaniyasi belgilandi.

Mulkdorlar bilan kelishuv tuziladi

Renovatsiyaga tushgan ko‘chmas mulk obyektlari mulkdorlariga hududga yaqin joylarda qurilayotgan yangi turarjoy majmualaridan o‘ringa o‘rin mulk taqdim etish bo‘yicha developerlar bilan muzokaralar olib boriladi.

Shuningdek, mulkdorlar bilan muzokaralar o‘tkazilib, kompensatsiya turi kelishiladi. Kelishuvlar notarial tasdiqlanadigan bitimlar orqali rasmiylashtiriladi.

Mahallalarda maxsus shtablar tashkil etiladi

Renovatsiya hududlarida yashovchi aholi va ko‘chmas mulk mulkdorlariga qarorning mazmun-mohiyatini tushuntirish uchun mahalla binolarida maxsus shtablar tashkil etiladi.

Ularning tarkibiga Toshkent Invest, tuman hokimliklari, Adliya boshqarmasi, Kadastrlar palatasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi hamda boshqa tegishli tashkilotlar vakillari kiritiladi.

Uchta tuman hokimi va poytaxt hokimining tegishli o‘rinbosari ikki kun ichida mulkdorlarga ularning ko‘chmas mulki renovatsiyaga tushgani haqida xabarnoma yuborishi kerak.

Kommunal qarzlar yangi uy hisobiga o‘tkaziladi

Renovatsiyaga tushgan uy bo‘yicha elektr energiyasi, suv, issiqlik, gaz yoki chiqindilarni olib chiqish xizmatlaridan qarzdorlik mavjud bo‘lsa, notarial kelishuv tuzilgandan keyin bu qarzdorlik o‘ringa o‘rin berilgan yangi turar joy hisob raqamiga o‘tkaziladi.

Agar eski uy hisobida ortiqcha to‘lov mavjud bo‘lsa, u ham yangi turar joy uchun ochilgan hisob raqamiga o‘tkaziladi.

Shuningdek, shahar hokimining tegishli o‘rinbosari va nazorat inspeksiyasi shaharsozlik talablariga javob bermaydigan hamda texnik tekshiruv natijasida yaroqsiz deb topilgan o‘zboshimchalik bilan qurilgan ko‘p kvartirali uylarni belgilangan tartibda bartaraf etish choralarini ko‘radi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov Chilonzor tumanida o‘tkazilgan ochiq muloqot davomida poytaxtdagi renovatsiya jarayonlari haqida ma’lumot berganini yozgandi.

Shuningdek