Kongo Demokratik Respublikasida Ebolaga qarshi emlash boshlandi

eʼlon qilindi
JSST tomonidan taqdim etilgan 50 ming doza vaksina, birinchi navbatda, tibbiyot xodimlariga qilinadi
Foto: Reuters / Baz Ratner

Kongo Demokratik Respublikasi sharqida Ebola virusining navbatdagi to‘lqiniga qarshi emlash jarayoni boshlandi. Dastlabki bosqichda epidemiyaga qarshi kurashayotgan shifokorlar va bemorlar bilan yaqin muloqotda bo‘lgan shaxslar himoyaga olinadi.

Vaksinatsiya jarayoni va preparat xususiyatlari

Mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Samyuel Roje Kambaning ma’lum qilishicha, JSSTdan qabul qilib olingan Ervebo vaksinasining yana 20 ming dozasi mamlakat ichidagi klinik sinovlar uchun yo‘naltiriladi.

Kanada olimlari tomonidan yaratilgan va Merck kompaniyasi ishlab chiqargan ushbu preparat, asosan, Zaire virusiga qarshi yuqori samaradorlik ko‘rsatgan. Hozirgi epidemiya esa Bundibugyo turidagi virus tomonidan chaqirilgan.

«Biz, birinchi navbatda, Ebolaga qarshi kurashning oldingi chizig‘ida bo‘lganlarni himoya qilish uchun emlashni boshlashga qaror qildik», – dedi vazir o‘z bayonotida.

Epidemiologik vaziyat va statistika

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi vaqtga kelib kasallanganlar umumiy soni 5 794 kishini tashkil qilib, ulardan 2 786 nafari vafot etgan. Kasallik oqibatida o‘lim ko‘rsatkichi favqulodda yuqori darajada bo‘lib, 48,1 foizga yetgan.

Ayni paytda yana 843 kishi Ebolaga chalinganlik gumoni bilan maxsus izolyatorlar va shifoxonalarda tibbiy nazorat ostida saqlanmoqda.

Joriy yilning 15-may kuni Kongo DR va Ugandada Ebolaning yangi to‘lqini qayd etilgan bo‘lib, bu mamlakat tarixidagi eng halokatli ikkinchi epidemiya hisoblanadi.

Avvalroq Kursiv nashri Kongo Demokratik Respublikasida Ebola qurbonlari 2 325 kishiga yetgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek