SpaceX 100 mlrd dollar evaziga dunyodagi eng yirik kosmodromni quradi

SpaceX kompaniyasi Luiziana shtatida o‘zining yangi va eng yirik kosmodromini qurish rejasini e’lon qildi. Ushbu Starbase Louisiana loyihasiga $100 mlrd sarmoya kiritilishi kutilmoqda va u yiliga minglab Starship raketalarini uchirish imkonini beradi.
Katta hajmdagi loyiha
Yangi kosmodrom Luiziana janubida qariyb 506 – 526 kvadrat kilometr maydonda qurilishi rejalashtirilmoqda. SpaceX ushbu hududda 10 ta uchirish maydonchasi, shuningdek, kema tayyorlash markaziga ega bo‘lishni ko‘zlamoqda. Bundan tashqari, majmua o‘zining porti va ehtimol, maxsus aeroportiga ham ega bo‘ladi.
Energiyaga mustaqillik
Kompaniya o‘zining raketa yoqilg‘isini shu yerning o‘zida ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Shuningdek, hududda energiya quvvatlari va tabiiy gazni suyuq metanga aylantiruvchi zavod qurilishi kutilmoqda. Bu yondashuv yonilg‘ini to‘g‘ridan to‘g‘ri uchirish maydonchalari yonida ishlab chiqarish imkonini beradi.
Kelajak rejalari

Yangi kosmodromning qurilishi va uning faoliyati SpaceX rejalari uchun muhim hisoblanadi. Louisiana Starbase o‘z faoliyatini 2029-yilda boshlashi taxmin qilinmoqda. Istiqbolda kompaniya yiliga parvozlar sonini 10 mingdan oshirishni va Falcon 9 o‘rnini to‘liq Starship bilan almashtirishni maqsad qilgan. Agar ushbu rejalar amalga oshsa, kosmik parvozlar ancha ommaviy va muntazam tus oladi.
Avvalroq Kursiv nashri SpaceX raketasi katta tezlik bilan Oyga urilgani haqida xabar bergan edi.