Yunusobod tumanida elektromobil yonib ketdi

eʼlon qilindi
Hodisada hech kim jabrlanmadi
Foto: Toshkent shahar FVBB

Joriy yilning 28-avgustiga o‘tar kechasi Toshkent shahrining Yunusobod tumanida elektromobil yonib ketdi. Poytaxt Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi qutqaruvchilari voqea joyiga zudlik bilan yetib borib, yong‘inni qisqa vaqt ichida to‘liq o‘chirishga erishdilar.

Toshkent shahar FVBB matbuot xizmati taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in haqidagi xabar soat 02:16 da kelib tushgan. Hodisa Yunusobod tumani, G‘ayratiy ko‘chasida joylashgan 79-uy oldida yuz bergan.

Qutqaruvchilar aytilgan manzilga operativ ravishda yetib borgan va soat 02:24 da olov to‘liq bartaraf etilgan. O‘t o‘chiruvchilarning tezkor harakatlari natijasida yong‘in atigi 8 daqiqa ichida jilovlanib, atrofdagi boshqa avtomobillar yoki binolarga o‘tib ketishining oldi olingan.

Foto: Toshkent shahar FVBB

Qurbonlar va jarohatlanganlar yo‘q

Quvonarlisi, ushbu tungi hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan va qurbonlar yo‘q. Hozirgi vaqtda yong‘inning kelib chiqish sabablari hamda avtomobil egasiga yetkazilgan moddiy zarar miqdori mutaxassislar tomonidan o‘rganilmoqda.

Avvalroq Kursiv nashri Toshkentning Mirobod tumanida yong‘in yuz bergani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek