Nepal va Tibetdagi toshqinlarda 750 kishi halok bo‘ldi

Nepal va Tibet chegarasida yuz bergan kuchli sel, suv toshqinlari va ko‘chkilar oqibatida halok bo‘lganlar soni 750 nafarga yetdi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Bu ko‘rsatkich bir kun avval qayd etilgan 675 nafar qurbon bilan solishtirganda keskin oshgan. Nepal politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, yana 2 498 kishi bedarak yo‘qolgan, 8 186 kishi esa qutqarilgan.
Tibetda 16 kishi halok bo‘ldi
Tibetda ham ko‘chki va toshqinlar jiddiy talafotlarga sabab bo‘lgan. Xitoyning CCTV telekanali ma’lumotiga ko‘ra, hududda 16 kishi halok bo‘lgan. Avvalroq yetti nafar qurbon haqida xabar berilgan edi.
Yana 546 kishi bedarak yo‘qolgan. Ularning orasida 23 mamlakatdan kelgan 261 nafar xorijiy fuqaro ham bor. Xitoy hukumati Tibetdagi axborot oqimini qat’iy nazorat qilgani sababli tabiiy ofatning haqiqiy ko‘lamini baholash murakkabligicha qolmoqda.
20 mingga yaqin qutqaruvchilar safarbar etildi
Nepal – Tibet chegarasidagi qidiruv va qutqaruv ishlariga xavfsizlik kuchlarining qariyb 20 ming nafar xodimi jalb qilingan.
BMTning ma’lum qilishicha, tog‘li hududlar, kuchli yomg‘ir va vayron bo‘lgan yo‘llar jabrlanganlarga yordam yetkazishni nihoyatda qiyinlashtirmoqda.
Ayrim hududlarga avtomobil orqali yetib borishning iloji yo‘q. Qutqaruvchilar tog‘ yo‘llari orqali piyoda harakatlanishga yoki vertolyotlardan foydalanishga majbur bo‘lmoqda.
Yuzlab sayyohlar hamon topilmadi
Nepal Turizm kengashi ma’lumotiga ko‘ra, tabiiy ofat hududidan 261 nafar xorijiy fuqaro qutqarilgan. Shu bilan birga, 320 nafar sayyohning qayerdaligi hozircha noma’lum.
Nepal hukumati 33 nafar Buyuk Britaniya fuqarosi bedarak yo‘qolganini ma’lum qilgan. Xitoy tomoni esa Tibetda bedarak ketganlar orasida 15 nafar britaniyalik borligini qayd etmoqda.
Ayrim sayyohlar falokat vaqtida Nepal va Tibet chegarasidan o‘tayotgan bo‘lishi mumkinligi sababli ikki davlat e’lon qilgan ro‘yxatlarda bir xil odamlar qayta hisoblangan yoki hisoblanmagani hozircha aniqlashtirilmagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Nepal halokat oqibatlarini bartaraf etish uchun 5 milliard dollar so‘ragani haqida yozgan edi.