Norvegiyaning yangi qiroli xalqqa ilk bor murojaat qildi

Norvegiyaning yangi qiroli Haakon VIII taxtga chiqqanidan keyingi ilk telemurojaatida marhum otasi qirol Harald V xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Bu haqda DW xabar bermoqda.
U mamlakat demokratiyasi, qonun ustuvorligi va jamiyatdagi tenglik tamoyillarini himoya qilishini, shu bilan birga, monarx sifatida «o‘z yo‘lidan borishini» ma’lum qildi.
Haakon VIII 29-avgust kuni Oslo shahridagi Qirollik saroyidan turib xalqqa murojaat qildi. Bu uning otasi, Norvegiyani 30 yildan ortiq boshqargan qirol Harald V vafotidan keyingi birinchi nutqi bo‘ldi.
Yangi qirol otasi haqida gapirar ekan, uni «ajoyib ota» hamda o‘z qadriyatlari va burchiga sodiq inson sifatida ta’rifladi.
«Eng avvalo, siz o‘z qadriyatlariga sodiq qolgan va vazifalariga butunlay bag‘ishlangan inson edingiz», – dedi Haakon VIII.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qirollik oilasi Harald V ning vafotidan chuqur qayg‘uda, biroq butun mamlakat aholisi ular bilan birga motam tutayotgani oilaga kuch bermoqda.
Haakon onasi haqida gapirganda ko‘z yoshlarini tiya olmadi
Haakon VIII nutqida otasini nafaqat davlat rahbari, balki «mehribon va oilasiga sodiq inson» sifatida ham esladi.
U beva qolgan onasi qirolicha Sonya haqida gapirar ekan, hissiyotga berildi. Yangi qirolning aytishicha, uning ota-onasi aynan 29-avgust kuni nikohining 58 yilligini nishonlashi kerak edi.
Qirol Harald V 89 yoshida vafot etdi. U 30 yildan ortiq vaqt davomida Norvegiya taxtida bo‘lib, mamlakatda zamonaviy va nisbatan ochiq monarxiya timsoliga aylangan edi.
29-avgust kuni Haakon VIII Qirollik saroyida Norvegiya cherkovi, parlament va Oliy sud rahbarlari bilan ham uchrashdi. Shuningdek, bosh vazir Yonas Gar Stere saroyga tashrif buyurib, marhum qirolning tobuti oldida hurmat bajo keltirdi.
Men ham o‘z yo‘limdan boraman
Haakon VIII otasi singari monarx sifatida o‘z uslubiga ega bo‘lishini ta’kidladi.
«Biz o‘zimizni boshqarish tizimimizga va demokratiyaga ishonamiz. Biz qonun ustuvorligiga asoslangan, har bir inson teng qadrga ega bo‘lgan jamiyatga ishonamiz», – dedi u.
Yangi qirol 1-sentabr kuni parlamentda Norvegiya Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etishga qasamyod qilishi kutilmoqda.
Norvegiyada qirol vafot etgan zahoti voris avtomatik ravishda taxtga o‘tiradi. Mamlakatda an’anaviy toj kiyish marosimlari parlament qarori bilan 1908-yilda bekor qilingan.
Shu bilan birga, Haakon VIII otasi va bobosi singari Trondxaymdagi soborda diniy bag‘ishlov marosimini o‘tkazishi mumkin. Norvegiya qirollari 1814 – 1906-yillarda aynan shu yerda toj kiygan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Norvegiya qiroli Harald V vafot etgani haqida yozgan edi.