1-sentabrdan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Kursiv Uzbekistan batafsil ma’lumotlarni bir joyga jamladi
1-sentabrdan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi
Foto: Kontent tayyorlash markazi

Kursiv Uzbekistan 1-sentabrdan O‘zbekistonda yuz beradigan o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumotlarni bir joyga jamladi.

Ushbu maqolada siz quyidagilar bilan tanishishingiz mumkin:

1-sentabrdan avtobusga chiqqan zahoti yo‘lkira haqini to‘lash kerak bo‘ladi

Toshkentda ayrim avtobus yo‘nalishlari vaqtincha o‘zgardi
Foto: Facebook

2026-yil 1-sentabrdan brutto-shartnoma asosida ishlaydigan barcha shahar avtobuslarida yo‘lkira to‘lashning yangi tartibi joriy etiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi qarorida keltirib o‘tildi.

To‘lov avtobusga chiqishda amalga oshiriladi

Yangi qoidaga ko‘ra, yo‘lovchi avtobusga chiqishi bilan yo‘l haqini to‘lashi kerak. Buning uchun transport yoki ijtimoiy kartani validatorga tekkizish, bank kartasi, smartfon yoki boshqa kontaktsiz to‘lov vositalaridan foydalanish mumkin.

To‘lamagan yo‘lovchiga jarima

Agar yo‘lovchi avtobusga chiqqan paytda yo‘l haqini to‘lamasa yoki tegishli imtiyozini tasdiqlamasa, u chiptasiz ketayotgan yo‘lovchi hisoblanadi.

Nasldor qoramol uchun 2 mln so‘mgacha subsidiya beriladi

Yil yakuniga qadar xorijdan 100 ming bosh qoramol olib kelinadi
Foto: Depositphotos

O‘zbekistonda naslchilik xo‘jaliklariga urg‘ochi nasldor qoramollarni saqlash xarajatlarining bir qismini qoplash uchun davlat budjetidan subsidiya ajratiladi. Bu prezidentning tegishli qarorida qayd etildi.

Yangi tartib 2026-yil 1-sentabrdan kuchga kiradi va 2030-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi. Subsidiyalar Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan ajratiladi.

Subsidiya har bir bosqich uchun alohida beriladi

Qarorga ko‘ra, naslchilik xo‘jaliklarida ko‘paytirish uchun qoldirilgan va identifikatsiyadan o‘tkazilgan urg‘ochi nasldor qoramollarni saqlash xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.

Birinchi nasldor urg‘ochi buzoq olinganda 1,5 mln so‘m, ikkinchi nasldor urg‘ochi buzoq olinganda esa 2 mln so‘m subsidiya ajratiladi.

Shuningdek, olingan buzoq 12 oylikkacha saqlansa, qo‘shimcha 1 mln so‘m beriladi. Buzoqni 12 oylikdan 18 oylikkacha saqlash uchun ham yana 1 mln so‘m subsidiya nazarda tutilgan. Mazkur mablag‘lar har bir davr uchun alohida hisoblanadi.

Alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun «oilabay» ishlash tizimi joriy etiladi

Alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun «oilabay» ishlash tizimi joriy etiladi
Foto: Bilimdi el

2026-yil 1-sentabrdan alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni ta’lim, ijtimoiy yordam va xizmatlarga jalb qilish bo‘yicha «oilabay» ishlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda prezident qarorida belgilangan.

Ijtimoiy xodim oilaga amaliy yordam beradi

Yangi tartibga ko‘ra, ijtimoiy xodim ota-onaga bolani ta’lim va ijtimoiy xizmatlarga jalb qilishda yordam beradi.

Shuningdek, bolaning ushbu xizmatlardan foydalanayotgani doimiy kuzatib boriladi. Zarurat bo‘lsa, bola boshqa ijtimoiy yordam va xizmatlarga ham yo‘naltiriladi.

Bolaning ehtiyoji «Inson» markazlari tomonidan baholanadi

3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning alohida ta’limga ehtiyoji «Inson» markazlari huzuridagi Bolani kompleks baholash guruhi tomonidan aniqlanadi.

Ushbu guruh bolani davlat ta’lim muassasasiga yo‘naltirish masalasini ham ko‘rib chiqadi.

Odam savdosi qurbonlariga yangi imtiyoz va himoya mexanizmlari joriy etiladi

Odam savdosi qurbonlariga yangi imtiyoz va himoya mexanizmlari joriy etiladi
Foto: depositphotos.com

Odam savdosidan jabrlanganlarni aniqlash va ularni jamiyatga qayta integratsiya qilish uchun 1-sentabrdan ishonch telefonlari, sun’iy intellektga asoslangan migratsiya maslahat byurolari va yangi identifikatsiya tartibi ishga tushiriladi. Bu haqda prezident farmoni qabul qilindi.

1146 ishonch telefoni ishga tushadi

2026-yil 1-sentabrdan Agentlikning 1146 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali murojaatlar qabul qilinadi. Mutaxassislar fuqarolarga ijtimoiy, psixologik, huquqiy va boshqa masalalar bo‘yicha maslahat hamda axborot beradi.

Xorijdagi fuqarolar uchun ham yordam yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarida ham odam savdosidan jabrlanganlar murojaat qilishi mumkin bo‘lgan ishonch telefonlari tashkil etiladi.

Aeroportlarda sun’iy intellekt asosidagi migratsiya byurolari ochiladi

Shuningdek, 1-sentabrdan Toshkent va Samarqand xalqaro aeroportlarida Migratsiya jamg‘armasi hisobidan sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanuvchi Migratsiya maslahat byurolari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Boshpanasiz shaxslar sud qarorisiz ijtimoiy markazlarga joylashtiriladi

Boshpanasiz shaxslar sud qarorisiz ijtimoiy markazlarga joylashtiriladi
Foto: depositphotos

O‘zbekistonda boshpanasiz shaxslarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tartibi o‘zgarmoqda. 2026-yil 1-sentabrdan ular vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy tiklanish markazlariga sud qarorisiz, o‘z roziligi asosida joylashtiriladi.

Prezident qaroriga ko‘ra, ichki ishlar organlarining muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari qayta nomlanadi. Endilikda ular Vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy tiklanish markazlari deb ataladi.

Sud qarori asosida joylashtirish bekor qilinadi

Qarorga ko‘ra, boshpanasiz shaxslarni ijtimoiy markazlarga sud qarori asosida joylashtirish amaliyoti bekor qilinadi.

2026-yil 1-sentabrdan boshlab bunday shaxslar markazlarga faqat o‘z roziligi bilan joylashtiriladi.

1-sentabrdan energetika yo‘nalishidagi talabalar uchun yangi tizim joriy etiladi

1-sentabrdan energetika yo‘nalishidagi 3 va 4-bosqich talabalari uchun yangi tizim joriy etiladi
Foto: TDTU

Prezident energetika sohasida malakali kadrlar tayyorlash tizimini keskin tanqid qilib, amaldagi ta’lim amaliyot talablariga javob bermayotganini ta’kidladi. Shu munosabat bilan yonilg‘i-energetika yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv dasturlarini bir oy ichida to‘liq yangilash topshirildi.

Dual ta’lim kengaytiriladi

Mas’ullarga bir oy muddatda yonilg‘i-energetika yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim dasturlarini to‘liq yangilash topshirildi. Shuningdek, 1-sentabrgacha laboratoriyalar va o‘quv poligonlarini zamonaviy talablarga moslashtirish ishlari boshlanadi.

Yangi o‘quv yilidan 3-kurs talabalarining yarmi, 4-kurs talabalarining esa barchasi dual ta’lim tizimiga o‘tkaziladi.

Parrandachilik uchun 10 foizli imtiyozli kreditlar ajratiladi

Parrandachilik uchun 10 foizli imtiyozli kreditlar ajratiladi
Foto: iStock

Parrandachilik xo‘jaliklari, omixta yem ishlab chiqaruvchilar va yangi loyihalar uchun 10 foiz stavkada, 4 yillik imtiyozli davr bilan kreditlar ajratish tartibi joriy etildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Kreditlar 10 foiz stavkada ajratiladi

Unga ko‘ra, 2026-yil 1-sentabrdan parrandachilik xo‘jaliklari, parranda omixta yem ishlab chiqaruvchilar hamda «tayyor biznes» loyihalarini moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan «Mikrokreditbank» orqali yillik 10 foiz stavkada kreditlar ajratiladi. Ushbu tartib faqat yangi tuziladigan kredit shartnomalariga tatbiq etiladi.

1-sentabrdan texnik ko‘rikdan o‘tmagan avtomobillarga gaz quyilmaydi

14-mart kuni metan "zapravka"lar cheklangan vaqtda faoliyat yuritadi
Foto: Facebook

2026-yil 1-sentabrdan boshlab O‘zbekistonda texnik ko‘rikdan o‘tmagan avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarida gaz quyish taqiqlanadi.

Shuningdek, gaz ballonining foydalanish muddati tugagan yoki transport vositasi egasida tegishli ruxsat beruvchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan avtomobillar ham ushbu cheklovlarga duch keladi. Talablarning bajarilishi U-Gas va Eco-Himoya axborot tizimlari orqali avtomatik tarzda nazorat qilinadi.

Bundan tashqari, hukumat yuqori xavf tug‘diruvchi avtomobillarga yonilg‘i va gaz quyish shoxobchalarining alohida reyestrini shakllantirishni rejalashtirmoqda. Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan obyektlarni esa boshqa, xavfsizroq hududlarga ko‘chirish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonda ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar 7 foizga oshiriladi

O‘zbekistonda ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar 7 foizga oshiriladi
O‘zbekistonda ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar 7 foizga oshiriladi / Foto: Depositphotos

2026-yil 1-sentabrdan boshlab budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi hamda stipendiyalar miqdori 7 foizga oshiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Shu sanadan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 1 360 000 so‘m, bazaviy hisoblash miqdori esa 440 ming so‘m qilib belgilanadi.

Qurilishga ruxsat olish xarajatlari qisqartiriladi

Golden House faoliyati yuzasidan mijozlar shikoyatlari ko‘paymoqda
Foto: depositphotos

O‘zbekistonda qurilishga ruxsat olish xarajatlari 2 barobargacha qisqartiriladi. Bu haqda prezidentning tegishli farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-sentabrdan barcha hududlarda qurilish sohasidagi ayrim davlat xizmatlari birlashtiriladi. Natijada yagona davlat xizmati, ya’ni arxitektura va shaharsozlik talabini berish tizimi joriy etiladi. 2026-yil 1-iyuldan obyektlarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash tartibi ham o‘zgaradi.

Tizim qanday ishlaydi

Bu jarayon «1 ta ariza, 1 to‘lov, barcha ulanish nuqtalari» tamoyili asosida amalga oshiriladi. Ya’ni tadbirkor bir nechta alohida murojaat va to‘lov o‘rniga yagona tartib orqali ulanish ishlarini rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, ayrim hollarda loyiha hujjatlarini hududiy kengashlar bilan qayta kelishish amaliyoti bekor qilinadi. Bu tartib bino konstruksiyasi, mustahkamligi va yong‘in xavfsizligiga ta’sir qilmaydigan o‘zgarishlarga taalluqli bo‘ladi.

2026-yil 1-sentabrdan qurilish obyektlarini nazorat qilishda videokuzatuv kameralaridan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi. Yangi qurilishi boshlanadigan ayrim obyektlarda videokuzatuv kameralarini o‘rnatish majburiy bo‘ladi.

O‘zbekistonda san’atkorlar uchun yangi soliq tartibi taklif qilindi

San’atkorlar uchun soliq deklaratsiyasi jarayoni yanada osonlashdi
Foto: Caravan-info

O‘zbekistonda ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchilar uchun yangi soliq tizimi joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Adliya vazirligi tomonidan muhokamaga qo‘yilgan hujjatga ko‘ra, 1-sentabrdan boshlab san’atkorlar har bir chiqish yoki xizmat uchun alohida soliq to‘lashi kerak bo‘ladi.

Yangi tartib «bitta xizmat – bitta to‘lov» tamoyiliga asoslanadi. Dastlabki bosqichda soliq miqdori ijrochining daromadidan qat’i nazar, uning toifasi va faoliyat yuritayotgan hududiga qarab belgilanishi ko‘zda tutilgan. Hatto bepul chiqishlar uchun ham soliq to‘lash majburiy bo‘ladi, biroq davlat tadbirlari bundan mustasno.

Shuningdek, barcha xizmatlar maxsus elektron tizim orqali ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart bo‘ladi. Agar xizmatlar yashirilsa yoki rasmiylashtirilmasa, bu daromadni yashirish deb baholanib, kamida BHMning 20 baravari (8,240 mln so‘m) miqdorida jarima qo‘llanadi.

Avvalroq «Kursiv» nashri 1-avgustdan O‘zbekistonda nimalar o‘zgargani haqida yozgandi.

Shuningdek