O‘zbekistonda qurilish sohasi xodimlari uchun ish haqi oshiriladi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Hududlar bo‘yicha ushbu to‘lov miqdoridagi tafovutlarni bartaraf etish ko‘zda tutilgan
Foto: Telegra.ph

O‘zbekistonda qurilish sohasida faoliyat yurituvchi xodimlar uchun soatlik eng kam ish haqi miqdorini oshirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, hududlar bo‘yicha ushbu to‘lov miqdoridagi tafovutlarni bartaraf etish ko‘zda tutilgan. Bu haqda «O‘zbekiston Respublikasi prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonda belgilangan. 

Qurilish kompaniyalari uchun yangi mexanizmlar joriy etiladi

Farmonga muvofiq, qurilish sohasidagi pudrat va loyihalash tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan yangi mexanizmlarni nazarda tutuvchi prezident qarori loyihasi ishlab chiqiladi.

Hujjatda qurilish tashkilotlari faoliyatini rag‘batlantirish bilan bir qatorda, sohada mehnat qilayotgan xodimlarning ish haqi masalasiga ham alohida e’tibor qaratiladi.

Xususan, qurilish sohasi xodimlari uchun soatlik eng kam ish haqi miqdorini oshirish va uni barcha hududlarda yagona miqdorga keltirish taklif etilmoqda.

Pudratchilarning rejali foydasi 7 foizgacha belgilanadi

Davlat budjeti hisobidan amalga oshiriladigan qurilish-montaj ishlari smetasida pudrat tashkilotlarining rejali foydasini 7 foizgacha belgilash nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, loyihalash ishlarini moliyalashtirish tartibini obyektning murakkablik darajasi va o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib takomillashtirish rejalashtirilmoqda.

Yana bir o‘zgarish muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi uchun undiriladigan yig‘imlarga taalluqli. Ular bo‘yicha avans to‘lovi 20 foizdan 5 foizgacha kamaytirilishi ko‘zda tutilgan.

Qaror loyihasi 2027-yil yanvarida tayyorlanadi

Belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun tegishli Prezident qarori loyihasi 2027-yil yanvar oyida ishlab chiqilishi kerak.

Mazkur topshiriq ijrosi uchun bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, qurilish vaziri Sherzod Hidoyatov va iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Samandar Sadullayev mas’ul etib belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan 1-sentabrdan O‘zbekistonda yuz beradigan o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumotlarni bir joyga jamlagandi.

Shuningdek