Putin, Tramp, Si Szinpin va Makron Mirziyoyevga maktub yo‘lladi

eʼlon qilindi
Mirziyoyev nomiga dunyoning qator davlat va hukumat rahbarlaridan tabrik maktublari kelmoqda
Foto: prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan prezident Shavkat Mirziyoyev nomiga dunyoning qator davlat va hukumat rahbarlaridan tabrik maktublari kelmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Xitoy raisi Si Szinpin, AQSh prezidenti Donald Tramp, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va boshqa yetakchilar O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi taraqqiyoti hamda xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotganini qayd etdi. Bu haqda Mirziyoyevning mtbuot xizmati xabar berdi. 

Xorijiy hamkorlar maktublarida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash hamda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishdagi Toshkentning roli alohida ta’kidlangan.

Putin strategik sheriklikni kengaytirishga tayyorligini bildirdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin O‘zbekistonni Mustaqillikning 35 yilligi bilan tabriklab, Moskva va Toshkent o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik va ittifoqchilik xususiyatiga ega ekanini qayd etdi.

U ikki davlat barcha asosiy yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirib kelayotganini bildirib, kelgusida sheriklik aloqalarini yanada kengaytirishga ishonch bildirdi.

Si Szinpin: O‘zbekiston so‘nggi yillarda salmoqli muvaffaqiyatlarga erishdi

Xitoy raisi Si Szinpin o‘z tabrigida O‘zbekiston so‘nggi o‘n yilda salmoqli taraqqiyotga erishganini ta’kidladi.

U Pekin O‘zbekiston bilan har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish va ikki mamlakat xalqlari farovonligi yo‘lida hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Tramp savdo, investitsiya va energetikani tilga oldi

AQSh prezidenti Donald Tramp O‘zbekistonning muhim va manzilli islohotlarni amalga oshirayotganini qayd etdi.

Uning maktubida ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik kengayib borayotgani, xususan, savdo va investitsiyalar, energetika hamda mintaqaviy bog‘liqlik yo‘nalishlarida hamkorlik rivojlanayotgani ta’kidlangan.

Makron O‘zbekistonni ishonchli va uzoq muddatli hamkor deb atadi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron O‘zbekistonni Mustaqillikning 35 yilligi bilan tabriklar ekan, Parij Toshkent bilan energetika, transport, sog‘liqni saqlash, ta’lim va shahar infratuzilmasi sohalarida hamkorlik qilayotganini bildirdi.

Makron, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikning yanada kengayib borishiga umid bildirdi.

Qator davlat va xalqaro tashkilotlar ham tabrik yo‘lladi

Shavkat Mirziyoyev nomiga Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va boshqa davlat rahbarlaridan ham tabriklar kelgan.

Shuningdek, BMT tizimidagi va boshqa xalqaro tashkilotlar rahbarlari, monarxlar hamda parlament vakillari ham O‘zbekiston xalqini Mustaqillik bayrami bilan qutladi. Qutlovlar kelishda davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 31-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston yetakchisi Sadir Japarovning taklifiga binoan Shanxay hamkorlik tashkiloti tadbirlarida ishtirok etish uchun Bishkek shahriga jo‘nab ketgandi. 

Shuningdek