Markaziy bank talabalarga 1,32 mln so‘mlik maxsus stipendiya ajratadi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Nomzodlar uchun test sinovi 15-sentabr kuni soat 10:00 da masofaviy shaklda o‘tkaziladi
Markaziy bank masofaviy banklar uchun kiberxavfsizlikni kuchaytirdi
Foto: Kursiv Uzbekistan

O‘zbekiston Markaziy banki mamlakatdagi oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchi bosqich talabalari uchun maxsus stipendiya dasturini yo‘lga qo‘ymoqda. Tanlovda bakalavriat va magistraturaning so‘nggi bosqichida kunduzgi ta’limda tahsil olayotgan talabalar ishtirok etishi mumkin.

Stipendiya miqdori bazaviy hisoblash miqdorining kamida uch baravariga teng etib belgilangan. Hozirgi hisobda bu 1 million 320 ming so‘mni tashkil etadi.

Talabalar Markaziy bankda amaliyot o‘tashi mumkin

Stipendiya sohiblariga Markaziy bankning tegishli bo‘linmalarida amaliy tajriba orttirish imkoniyati ham beriladi. Ular haftasiga 15 soatdan ko‘p bo‘lmagan vaqt davomida amaliyot o‘tashi mumkin.

Bu orqali talabalar o‘z mutaxassisligi bo‘yicha bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash va bank tizimining ish jarayonlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.

Nomzodlarga qanday talablar qo‘yiladi

Tanlovda qatnashish uchun talabgorlar so‘nggi o‘quv yili yakunlari bo‘yicha yuqori reyting ko‘rsatkichiga ega bo‘lishi kerak. Shuningdek, davlat tilini yaxshi bilish va rus hamda ingliz tillarini kamida «B2» darajasida egallash talab etiladi.

Dastur iqtisodiyot, moliya, bank ishi, statistika, buxgalteriya hisobi, jahon iqtisodiyoti, xalqaro iqtisodiy munosabatlar kabi yo‘nalishlar bilan bir qatorda IT, sun’iy intellekt, dasturiy injiniring, axborot xavfsizligi, yurisprudensiya, mediadizayn, filologiya va tarjima yo‘nalishlari talabalarini ham qamrab oladi.

Xalqaro sertifikatlar qo‘shimcha ustunlik beradi

Nomzodlarning ACCA va boshqa xalqaro moliyaviy sertifikatlarga ega ekani tanlovda qo‘shimcha ustunlik sifatida baholanadi.

Bundan tashqari, Big Data bilan ishlash ko‘nikmalari, IELTS’dan 7,0 va undan yuqori natija hamda iqtisodiyot, moliya yoki IT sohasidagi olimpiadalarda qo‘lga kiritilgan yutuqlar ham hisobga olinadi.

Arizalar 11-sentabrgacha qabul qilinadi

Stipendiya uchun hujjatlar 11-sentabrgacha Markaziy bankning rasmiy Telegram boti orqali qabul qilinadi.

Nomzodlar uchun test sinovi 15-sentabr kuni soat 10:00 da masofaviy shaklda o‘tkaziladi. Testdan muvaffaqiyatli o‘tganlar 16-sentabr kuni xorijiy tillar bo‘yicha suhbatdan o‘tadi.

Yakuniy bosqichga tavsiya etilgan nomzodlar 18-sentabr kuni Ekspert guruhi bilan suhbatda ishtirok etadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish, fiskal tahlillar instituti tomonidan talabalar stipendiyasi bo‘yicha bir qator takliflar berilgani haqida yozgandi.

Shuningdek