
Lionel Messi Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qilganidan so‘ng, futbol olamida uning qaroriga munosabatlar ko‘paydi. Asosiy e’tibor argentinalik futbolchining ko‘p yillik raqibi Krishtianu Ronaldu qanday munosabat bildirishiga qaratildi.
Biroq portugaliyalik futbolchi Messiga bag‘ishlangan alohida xayrlashuv postini e’lon qilmadi. Aksincha, u Saudiya Arabistonidagi mashg‘ulotidan surat ulashib, qisqa jumla yozdi.
Ronaldu «Keep pushing» deb yozdi
Marca Bolavip’ga tayanib yozishicha, Messi haqidagi xabar tarqalganidan keyin Ronaldu o‘zining rasmiy sahifasida «An-Nasr» sport zalida mashg‘ulot o‘tkazayotgan suratini joylashtirdi.
Suratga ingliz tilida «Keep pushing», ya’ni «Harakat qilishda davom et» degan mazmundagi jumla ilova qilingan.
Ronaldu postida Messi nomini tilga olmagan va uning Argentina terma jamoasidan ketishiga bevosita izoh bermagan. Shunga qaramay, ayrim OAV va muxlislar bu postni portugaliyalik futbolchining o‘z faoliyatiga oid bilvosita signali sifatida talqin qildi.
Post futbol muxlislari orasida muhokama uyg‘otdi

Manbaga ko‘ra, Ronaldu tomonidan tanlangan qisqa jumla uning yuqori darajada o‘ynashda davom etish niyatini ko‘rsatishi mumkinligi haqida fikrlar paydo bo‘lgan.
Messi xalqaro faoliyatidagi katta bosqichni yakunlayotgan bir paytda, Ronaldu Portugaliya terma jamoasidagi faoliyatini davom ettirmoqda va hozircha terma jamoadan ketishga yaqin ekanini ko‘rsatadigan ochiq signal bermagan.
Shu sababli futbolchilarning faoliyatidagi hozirgi vaziyat yana ularning o‘zaro taqqoslanishiga sabab bo‘ldi.
Portugaliyada Ronaldu atrofidagi bahslar davom etmoqda

Krishtianu Ronalduning PoFrtugaliya terma jamoasidagi kelajagi ham mamlakat futbolida muhokama qilinayotgan mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda.
Marca yozishicha, Portugaliya termasi tajribali hujumchi atrofida qurilishda davom etishi kerakmi yoki yangi avlod futbolchilariga ko‘proq imkoniyat berish vaqti keldimi, degan savol mavjud.
Argentina esa Messi davridan keyingi bosqichga o‘tish jarayonini boshlamoqda. Shu tariqa XXI asr futbolining eng yirik ikki yulduzi faoliyatining yakuniy davriga turlicha yondashmoqda: Messi terma jamoadagi sahifani yopayotgan bo‘lsa, Ronaldu xalqaro maydondagi faoliyatini davom ettirishga e’tibor qaratmoqda.

Messi Argentina bilan tarixiy davrni yakunladi
Messi Argentina terma jamoasi safida yigirma yildan ortiq vaqt davomida to‘p surdi. Uning xalqaro faoliyatidagi eng katta yutuqlardan biri jahon chempionligi bo‘ldi. Messi haqidagi xabardan so‘ng jamoadoshlari, murabbiylar va boshqa sport vakillari futbolchiga bag‘ishlangan xayrlashuv so‘zlarini e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Jorjina Rodrigesning Ronaldudan oldingi hayotida kim bo‘lgani haqida yozgan edi.